Muammo bor, ammo uning yechimi ham yoʻq emas!
Xabar berib kelayotganimizdek, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Ozoda Joʻrayeva va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari Chirchiq shahrida joylashgan koʻp qavatli uylarning texnik holati, tizimdagi mavjud muammo va uni bartaraf etish chora-tadbirlarini koʻrib kelmoqda.
Xususan, aholi murojaatlariga asosan munosib xizmat koʻrsatmayotgan boshqaruv tashkilotlariga qarashli uylarni shahardagi salohiyatli BSKlarga oʻtkazish, uylarning tom, yertoʻla, kirish yoʻlaklari va ichki muhandislik tarmoqlarida mavjud muammolarni bartaraf etish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Eng asosiysi, shahar kommunal tizimida tartib oʻrnatish, shirkatlar va boshqaruv servis kompaniyalarining xalq oldidagi mas’uliyati va majburiyati eslatib oʻtildi. Ozoda Joʻrayeva Chirchiq shahrida faoliyat yurituvchi boshqaruv tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashuvda ayni masalaga toʻxtaldi:
Toshkent viloyati muammoli hududlarimizdan biri. Ammo, har qanday masala xalq oldidagi mas’uliyatdan ustun boʻla olmaydi. Yurtboshimiz tashabbusi bilan mazkur sohadagi muammolarni oldi olish uchun alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Uylarimiz anchandan buyon mavjud boʻlmagan ne’mat - issiqlik bilan ta’minlanmoqda. Biz birgalikda bosqichma-bosqich hamma muammoni oldini olamiz, - dedi Ozoda Joʻrayeva.
Shuningdek, Ozoda Joʻrayeva Chirchiq shahridagi bir necha boshqaruv tashkilotlari faoliyati bilan tanishdi. Xizmat sifatini oshirish boʻyicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.