MUNOSABAT
Telegram messenjeri “BASTION” kanalida e’lon qilingan xabarda qayd etilgan holatlar boʻyicha viloyat Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan o’rganish ishlari olib borildi.
Murojaatda koʻrsatilgan manzilda qurilayotgan obyekt uchun Andijon shahar qurilish bo‘limining 2021-yil 26-martdagi ruxsatnomasi bilan A.Musayev koʻchasi 3-manzilda joylashgan “Vatan farzandlari” NTMga tegishli qurilishi tugallanmagan bino inshootlarni buzib, oʻrniga koʻp qavatli turar-joy binolari qurish uchun ruxsat berilgan boʻlib, bugungi kunda MChJ tomonidan yuqoridagi manzilda qurilishi olib borilayotgan koʻp qavatli turar-joy binolari bilan aholi xonadonlari oraliq masofalari 4,0-8,0 metrni tashkil etadi.
Kengash xulosasida hududiy yongʻinga qarshi nazorat xizmati tomonidan yuqoridagi loyiha hujjati talablarga muvofiq ishlab chiqilgan, deb kelishilgan. 12 qavatli turar-joy binosi bilan yakka tartibdagi uy-joy binosi oraliq masofasi 4.0-8.0 metrgacha saqlangan holda loyihalangan hamda “SHARQ STROY EKSPERT” MCHJ tomonidan ekspertiza xulosasi berilgan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan viloyat qurilish Bosh boshqarmasiga Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 2021-yil 5-iyuldagi xulosasi notoʻgʻri berilganligi sababli 2022-yil 10-avgust kuni inspeksiya tomonidan taqdimnoma (kamchiliklarga yoʻl qoʻygan masʼullarga belgilangan tartibda chora koʻrish, loyiha tashkilotini litsenziyasini bekor qilish hamda berilgan ASHK xulosasini bekor qilish) kiritilgan.
Bosh boshqarma hududiy inspeksiyaning taqdimnomasiga 2022-yil 23-avgust kuni yoʻllagan javob xatida obyekt qurilishini inspeksiya tomonidan vaqtinchalik to‘xtatib turish lozimligi va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar yuzasidan loyiha tashkiloti rahbaridan tushuntirish xati olinganligini bildirgan.
Inspeksiya tomonidan oʻtkazilgan nazorat ishlari davomida mazkur koʻp qavatli turar-joy binosining B-blogi 3-qavati “1-G” oʻqidagi yuk koʻtaruvchi ustun (kolonna) konstruksiyasining vertikallikdan 50-70 mm ga ogʻganlik holati ham aniqlangan.
✅️ Holat yuzasidan inspeksiya tomonidan 2023-yilning 23-iyunida qurilishni toʻxtatish toʻgʻrisida yozma koʻrsatma berilib, qurilish ishlari toʻxtatilgan.
Obyektda aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan buyurtmachining texnik nazorati, loyihachining mualliflik hamda pudratchining ichki nazorati xodimlariga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 99-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy jarima qoʻllash uchun hujjatlar rasmiylashtirilgan.