MUNOSABAT
Toshkent shahar Sergeli tumani Sergeli-6 mavzesi Mehrigiyo ko‘chasi 1-uy yonida joylashgan “BEST LINE REALTOR” MChJga tegishli hududda “MAHMUD DIZAYN” MChJ ko‘p qavatli turar-joy binosini qurish uchun tasischilar tarkibiga kirgan.
“MAHMUD DIZAYN” MChJ 2019-yilning mart oyida mavjud poydevorlarning ustiga qurilish-montaj ishlari boshlagan. Obyektga tegishli loyiha-smeta hujjatlarini to‘liq tayyorlamasdan qurilish-montaj ishlari olib borilganligi sababli 2020-yili Sergeli tuman prokuraturasi sudiga da’vo arizasini kiritgan va imorat oldida o‘tkazilgan sayyor Sud majlisida tuman arxitektori, kadastr xizmati va inspeksiyadan borgan mutaxassislarning holat yuzasidan fikrlari eshitilgan.
Toshkent shahar tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan 2020-yil 22-iyul kunidagi hal qiluvchi Qaroriga (4-1001-2003/8004-sonli ish) asosan imorat noqonuniy qurilma deb topilib, quruvchi hisobidan buzib tashlash majburiyati yuklatilgan, ammo O‘zbekistan Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan 2021-yil 10-fevral kunidagi qarori bilan 4-1001-2003/8004-sonli ish yangidan birinchi instansiya sudida ko‘rish uchun Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga qaytarib yuborilgan. 2021-yil 27-apreldagi O‘zbekiston Respublikasi Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilishi tugallanmagan binoni buzib tashlash majburiyati to‘g‘risidagi Sergeli tumani prokurorining da’vo arizasi talabi bo‘yicha ish yuritish tugatilgan.
2022-yil 11-avgustda Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi Loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi qonunchilik palatasi deputati G.Agzamovaning 2022-yil 19-iyuldagi iltimosnomasini inobatga olib, tegishli tashkilotlarning xulosalarida ko‘rsatilgan talablarni bajarish sharti bilangina xulosa olingan. Bugungi kunda ishchi loyiha-smeta hujjatlari ekspertiza organiga topshirilgan va 2022-yil 22-dekabrda bino va inshootning texnik holatini tekshirish to‘g‘risidagi “Qishloq qurilish loyiha” MChJ tomonidan 2022-yilda ishlangan xulosasi hamda bino va inshootlarning seysmik, statik mustahkamligini baholash hamda hisoblash to‘g‘risidagi “Qishloq qurilish loyiha” MChJ tomonidan 2022-yilda ishlangan texnik xulosalar asosida “GOLD STEP-EXPERT” MChJning yig‘ma eksport xulosasi olingan.
Yuqoridagi hujjatlarga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-sonli qaroriga asosan o‘rnatilgan tartibda Davlat xizmatlari portali orqali qurilish ishlarini boshlash uchun Toshkent shahar Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasidan 2023-yil 12-yanvarda xabarnoma yuborish orqali ro‘yxatdan o‘tgan.
Bugungi kunda obyektda tashqi devorlarni suvoqlash ishlari, rom o’rnatish ishlari hamda turar-joy binosining ichki qismida qurilish chiqindilaridan tozalash ishlari amalga oshirilmoqda.