UZ
RU
O'zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy
kommunal xo'jaligi vazirligi
Ishonch telefoni
1298
Elektron manzil
info@mc.uz
Sayt xaritasi
Vazirga murojaat

Yangiliklar

MUNOSABAT (Mirzo Ulug‘bek tumani Parkent ko‘chasi 253-uyning 2-kirish yo‘lagida joylashgan lift bilan bog‘liq)

 Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani Parkent ko‘chasi 253-uyning 2-kirish yo‘lagida joylashgan lift bilan bog‘liq holat yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi: 
          
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi, Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi, hokimlik hamda mazkur ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi  “Uyut komfort kommunal” boshqaruv servis kompaniyasi vakillaridan tashkil topgan ishchi guruh holatni voqea joyiga chiqqan holda o‘rgandi. 

Unga ko‘ra ko‘tarish qurilmasi belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganligi va foydalanishga qabul qilinmaganligi aniqlandi. Shuningdek, liftda tegishli tartibda davriy sinov ishlari amalga oshirilmagan. Mazkur liftga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha maxsus tashkilot bilan shartnoma tuzilmagan hamda liftni soz holatda saqlash, uni bexatar ishlatish bo‘yicha javobgar shaxs tayinlanmagan.

2020-yilda ishlab chiqarilgan, ko‘tarish og‘irligi 1 000 kg bo‘lgan lift qurilmasiga belgilangan tartibda texnik xizmat ko‘rsatilmaganligi sababli shaxta kabinasi eshiklarining kontaktlari bo‘shab qolgan. Ushbu lift harakatda vaqtida kimdir liftning tashqi eshiklarini  qo‘l yordamida ochishga uringan. Natijada  xavfsizlik moslamasi ishga tushgan va lift o‘zini-o‘zi to‘xtatish vazifasini bajara boshlagan. 

O‘rganish davomida lift tushib ketmagani, aksincha tegishli xavfsizlik qurilmasi ishga tushgan holda to‘xtagani aniqlandi. Hozirda tegishli tashkilotlar tomonidan liftdagi kamchiliklarni bartaraf etish va voqea tafsilotlarini chuqur o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda. Hodisadan hech kim jabrlanmagan. 

Eslatib o‘tamiz, liftlarda mana shunday holatlarning oldini olish maqsadida joriy yilning avgust oyidan boshlab Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan ro‘yxatga olinmagan lift uskunalarini foydalanishga qabul qilish to‘xtatilgan.