UZ
RU
O'zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy
kommunal xo'jaligi vazirligi
Ishonch telefoni
1298
Elektron manzil
info@mc.uz
Sayt xaritasi
Vazirga murojaat

Yangiliklar

Namangan: loyiha va qurilish-pudrat tashkilotlari vakillari bilan ochiq muloqot

Ma'lumki, quruvchilik katta mas'uliyat talab qiladigan kasb. Har kim ham qurilish ishlari bilan shug‘ullanavermaydi. Tizimdagi elektron reyting va tender jarayonlari esa haqiqiy hamda tajribali pudrat tashkilotlarini aniqlashda qo‘l kelmoqda. Xususan, reyting elektron platformasida qurilish-pudrat va loyiha tashkilotlari reytingi tegishli davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan. Shu orqali ularning ma'lumotlari hamda sohadagi reytingi  shakllantirilib kelinmoqda. 

Bunda loyiha va qurilish-pudrat tashkilotlari vakillarini reyting koʼrsatkichlari yuzasidan o'ylantirayotgan jihatlar, qiziqtirayotgan savol va takliflarga quloq tutish, ularni ochiq muhokama qilish orqali tashkilotlar faoliyatida, qurilish sifatida samaradorlikka erishish mumkin. Ayni shu maqsad yo'lida respublikamizning har bir hududida tashkil etilayotgan ochiq muloqot shaklidagi tadbirlar bugun Namangan viloyatida davom etmoqda.

Ma'lumot o'rnida, hozirgi kunda ushbu reytingdan 19 mingdan ortiq qurilish-pudrat tashkilotlari o'rin olgan. Loyiha tashkilotlari reytingi tizimiga esa jami 1 ming 900 dan ziyod loyiha tashkilotlari kiritilgan.


Ochiq muloqot avvalida Namangan viloyatida faoliyat yurituvchi loyiha va qurilish-pudrat tashkilotlari vakillariga Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi mas'ullari tomonidan "Shaffof qurilish" onlayn tizimning imkoniyatlari, ma'lumotlar joylashdagi aktual ishlar xususida ma'lumot berildi. Xususan, onlayn reytingni shakllantirishda ko'rsatkichlarni sun'iy oshirish yoki yolg'on hisobotlar taqdim etish singari holatlarga alohida to'xtalib o'tildi. 

Qurilish-pudrat tashkilotlarining reyting ko'rsatkichlarini aniqlash mezonlari, sohaga tadbiq etilayotgan yangiliklari haqida ma'lumotlarga ega bo'lgach, qurilish tashkilotlari vakillari o'zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Xususan, 

- Talabgor tender savdolarida ishtirok etib g'olib bo'la olmasa, operatorning maxsus hisob varag'iga o'tkazilgan mablag' qaytarib beriladimi? 
- Xarid qilingan ayrim texnikalar nima sababdan platformada ko'rinmayapti? 
- Elektron tenderlarda ishtirok etish uchun buyurtmachi tomonidan belgilangan obyektning boshlang'ich narxidan necha foiz to'lovni amalga oshirish talab etiladi? 
- Qurilishda kategoriya masalasida nomuvofiqliklar bo'yicha savollar shular jumlasidan.

Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligi bo'lim boshlig'i D.Miliyev, "Shaffof qurilish" MAT bo'lim boshlig'i A. Ahmadjonov, Loyiha faoliyatini muvofiqlashtirish bo'limi bosh mutaxassisi R.Qo'chqorov hamda qator mas'ullar ishtirokida bo'lib o'tayotgan uchrashuvda reyting ko'rsatkichlari yuzasidan loyiha va qurilish-pudrat tashkilotlari vakillarida yig'ilib qolgan savollar o'rtaga tashlanmoqda va muhokama qilinmoqda.

Ochiq muloqot ishtirokchilarining ayrimlari reyting ko'rsatkichlarini ko'tarishda qaysi jihatlarda e'tibor qaratish darkorligiga to'xtalgan bo'lsalar, ba'zilar joylanadigan ma'lumotni elektron platformada nima sababdan ko'rinmayotgani, ma'lumotlarni ayni qaysi davrda joylagan ma'qulligi xususida qiziqdilar.

Ma'lumot o'rnida, bugunda Namangan viloyatida 256 ta qurilish-pudrat tashkilotlari hamda 80 dan ziyod loyiha-qidiruv tashkilotlari faoliyat yuritmoqda.

Ochiq muloqotda loyiha va qurilish-pudrat tashkilotlari vakillarining platformada moliyaviy koʻrsatkichlarga bogʻliq taklif va mulohazalari ham eshitildi.

Shuningdek, "Shaffof qurilish" MATda loyihachi tashkilotni tanlash uchun obyektlar e'longa qo'yilganda loyiha tashkilotlarini avvalgi bajargan loyiha ishlarining turlariga qarab tasniflash va shu asosida ball berib baholash mexanizmini ishga solish yuzasidan ham taklif berildi. Bunda obyektning ekspertiza xulosasi chiqarilayotgan paytda alohida turlarga ajratib, masalan, umumqurilish obyekti, yo'l qurilishi, irrigatsiya obyektlari, maxsus toifalangan obyektlarga alohida xulosa berish maqsadga muvofiq bo'lishi ta'kidlandi. Vazirlik mas'ullari tomonidan mazkur taklif inobatga olinib, ko'rib chiqilishi ma'lum qilindi.

Shu qatori tenderda g'olib bo'lgan loyiha tashkilotlarining 25 kun ichida tizimga loyihaoldi hujjatlarini yuklash muddatini uzaytirish taklifi ham ilgari surildi.