UZ
RU
O'zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy
kommunal xo'jaligi vazirligi
Ishonch telefoni
1298
Elektron manzil
info@mc.uz
Sayt xaritasi
Vazirga murojaat

Yangiliklar

Namanganda davlat arxitektura nazoratining yangi mexanizmlari amaliyotga joriy etilmoqda

Namangan viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasida Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-martdagi 192-sonli “Davlat arxitektura nazoratini amalga oshirishning yangi mexanizmlarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida amaliy seminar o‘tkazildi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda arxitektura, qurilish va shaharsozlik sohasini raqamlashtirish yo‘nalishida salmoqli natijalarga erishilmoqda. Hududlarda olib borilayotgan qurilish jarayonlarining tizimli, me’yorlarga to‘liq amal qilgan holda va “shaffof” tarzda tashkil etilishi bu islohotlarning mustahkam poydevoriga aylanmoqda.

Hukumat tomonidan arxitektura nazoratining yangi — raqamli mexanizmini joriy etish noqonuniy qurilishlarning oldini olishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi. Namangan viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi mazkur mexanizmni amaliyotga tatbiq etish ishlarini boshladi.

Endilikda tuman (shahar) bo‘limlari xodimlari maxsus planshetlar yordamida qurilish jarayonlarini joyida onlayn kuzatib boradi, aniqlangan qonunbuzarliklar haqida elektron tarzda ma’lumot kiritadi hamda foto va video dalillarni markaziy tizimga yuboradi.

Natijada nazorat jarayonida shaffoflik ortmoqda, inson omili kamaymoqda, eng muhimi, o‘zboshimchalik bilan qurilishlarning oldi olinmoqda.

Tadbir davomida Davlat arxitektura nazorati departamenti rahbari N.Rejaboyev hamda Bosh boshqarma boshlig‘i S.Muhitdinov yangi tizimning amaliy ahamiyatini tushuntirib, raqamli nazorat vositalari har bir qurilish bosqichida qonuniylikni ta’minlashda muhim o‘rin tutishini ta’kidladilar.

Namangan viloyatida joriy etilgan ushbu mexanizm davlat nazoratini kuchaytirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, tartibsiz qurilishlarga barham berish hamda shaharsozlik siyosatining izchilligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Eslatma: Har qanday qurilish yoki qayta ta’mirlash ishlari faqat ruxsatnoma asosida amalga oshirilishi kerak. O‘zboshimchalik bilan qurilish olib borish qonuniy javobgarlikka sabab bo‘ladi.