Nazariy bilimlarning amaliyot bilan uyg‘unlashuvi: shaharsozlik sohasi mutaxassislari yirik qurilish maydonlarida!
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Kompitensiyani rivojlantirish instituti malaka oshirish kurslarining 1-mavsum tinglovchilari amaliy mashg‘ulot o‘tash uchun Toshkent shahrida joylashgan obyektlarda bo‘lishdi.
Institutda yo‘lga qo‘yilgan o‘qitishning zamonaviy shakllari, ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari asosida nazariy tayyorgarlikning amaliyot bilan uzviy bog‘liqligi tinglovchilarga sohadagi eng yangi texnologiyalardan foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Ilk tinglovchilarning amaliyoti nufuzli mahalliy hamda xorijiy korxona va tashkilotlarda tashkil etildi. Xususan, loyiha tashkilotining mualliflik, pudratchining ichki nazoratiga mas'ul mutaxassislar NRG qurilish kompaniyasining yirik obyektlarida bo‘ldilar. Ta'lim jarayonlariga mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni keng jalb etish orqali tajriba almashish borasida ham xalqaro hamkorliklar amalga oshirilmoqda.
Amaliyot davomida tinglovchilar yevro-standart bo‘yicha ishlab chiqilib O‘zbekiston Respublikasi norma va qoidalariga moslashtirilgan “check-list”lar orqali ishlashmoqda.