O‘zbekistonda yevrokodlarni joriy etish jarayoni va istiqbollari muhokama qilindi
Seminar davomida Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti boshqarma boshlig‘i Azizbek Nurmirzayev “O‘zbekistonda yevrokodlarni implementatsiya qilish holati va istiqbollari” mavzusida taqdimot qildi.
Unda qayd etilishicha, Yevrokodlar — bu Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida binolar va inshootlarni loyihalashga oid yagona texnik standartlar tizimi bo‘lib, 1975-yildan buyon amalda qo‘llanib kelinmoqda. Bugungi kunda 40 dan ortiq davlat bu tizimdan foydalanyapti yoki uni bosqichma-bosqich joriy etmoqda. O‘zbekiston esa Yevrokodlarni joriy etayotgan 41-davlat sifatida xalqaro tan olingan qurilish normalarini o‘z milliy amaliyotiga moslashtirish yo‘lida faol ish olib bormoqda.
Azizbek Nurmirzayevning so‘zlariga ko‘ra, Prezidentning 2020-yil 13-martdagi PF–5963-son Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 23-apreldagi 231-son qarori bu yo‘nalishdagi ishlarga asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Hujjatlarga muvofiq, Yevrokodlar bilan bir qatorda AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Koreya, Xitoy va Rossiyaning ilg‘or qurilish me’yorlari ham tahlil qilinib, milliy normativ bazaga uyg‘unlashtirilmoqda.
“Yevrokodlar — bu xalqaro tajriba, biz esa uni o‘zimizning tabiiy, geologik va iqlimiy sharoitlarimizga moslashtiryapmiz. Maqsad — milliy me’yorlarni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirib, qurilish sifatini yangi bosqichga olib chiqishdir”, - deya ta’kidladi A.Nurmirzayev.
Bugungi kunga kelib Yevrokodlarning 9 asosiy bo‘limi (EN 1990–EN 1999) bo‘yicha tarjima, tahlil va “milliy ilova” hujjatlarini ishlab chiqish ishlari boshlangan. 2025–2026-yillarda EN 1990, EN 1991, EN 1997 va EN 1998-qismlari bo‘yicha milliy parametrlar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Taqdimotda ta’kidlanishicha, Yevrokodlarni joriy etish O‘zbekiston uchun quyidagi afzalliklarni yaratadi:
• xalqaro tajriba bilan uyg‘unlik va yagona loyihalash yondashuvini shakllantirish;
• konstruksiyalar xavfsizligi, seysmik chidamliligi va energiya samaradorligini oshirish;
• BIM texnologiyalarini keng joriy etish;
• mahalliy qurilish tashkilotlarining xalqaro bozorda raqobatbardoshligini kuchaytirish;
• ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalarga zamin yaratish.
Shuningdek, Yevrokodlarni tatbiq etish jarayoni Yevropa Ittifoqining Joint Research Center (JRC) hamda xalqaro me’yoriy organlar bilan hamkorlikda olib borilmoqda.



