UZ
RU
O'zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy
kommunal xo'jaligi vazirligi
Ishonch telefoni
1298
Elektron manzil
info@mc.uz
Sayt xaritasi
Vazirga murojaat

Yangiliklar

O‘zLIDEP press klubining 58-soni "QURILISH SOHASIDA SIFAT VA XAVFSIZLIKNI TAMINLASH, AHOLI UCHUN ARZON VA SIFATLI UY JOYLAR QURISH" mavzusida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir

“Oʼzbekiston – 2030” strategiyasining 60-bandida hududlarni kompleks rivojlantirish, urbanizatsiya strategiyasini amalga oshirish, aholini arzon uy-joy bilan taʼminlash darajasini oshirish maqsadida doirasida olib borilayotgan amaliy ishlar va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi. Tadbirda qurilishdagi sifat va xavfsizlik, shuningdek, aholini arzon uy-joylar bilan taʼminlash masalalariga e'tibor qaratildi.  

Press-klubda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Mahalliy Kengashlar deputatlari, vazirlik va idoralar, OAV vakillari, olimlar hamda partiya faollari ishtirok etdi.  

“Oʼzbekiston – 2030” strategiyasining 60-bandida belgilangan maqsadlar doirasida urbanizatsiya darajasini 60 foizga yetkazish, Samarqand va Namangan shaharlarini «millionlik shaharlar»ga aylantirish, katta shahar va tumanlar sonini 28 taga yetkazish, barcha aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish, 2030-yilga qadar 1 million xonadonli uy-joylar qurish, «Yangi Oʼzbekiston» massivlari sonini 100 taga yetkazish, aholi zich boʼlgan hududlarda «boʼyiga oʼstirish» tamoyili asosida koʼp qavatli uy-joylar barpo etish vazifalari belgilangan.  

Shuningdek, rivojlangan davlatlarning bino-inshootlar boʼyicha qurilish xavfsizligi meʼyorlari asosida yangi standartlarni joriy qilish, qurilishda montaj ishlarini baholash, tekshirish va qabul qilish tizimiga xususiy sektorni keng jalb qilish va boshqa koʼplab ustuvor vazifalar qamrab olingan.  

Statistika agentligining maʼlumotlariga koʼra yurtimizda qurilish ishlari hajmi 2016-yilga nisbatan deyarli 4,5 barobarga oshdi, yaʼni 2022 yil yakuni boʼyicha 130 trln.soʼmdan (2016 yilda 29,4 trln.soʼm boʼlgan) oshdi. Joriy yilning yanvar-avgust oylarining oʼzida 93,3 trln.soʼmlik qurilish ishlari bajarilgan. 

2023-yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash uchun 11,3 trln.soʼm mablagʼ ajratilgan.  
“2023-yil uchun Oʼzbekiston Respublikasining davlat budjeti toʼgʼrisida”gi qonuniga koʼra, respublika byudjetidan obyektlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruktsiya qilish va jihozlash uchun 9 trln.soʼmga yaqin mablagʼlar yoʼnaltirilgan.  

Joriy yilda jami 90 923 ta xonadonli 2 012 ta quriladigan uylarning manzilli roʼyxati shakllantirilgan.  Jumladan, 38 ta “Yangi Oʼzbekiston” massivlarida 30 639 ta xonadondan iborat 837 ta uylar, uy-joyga talab yuqori boʼlgan hududlarda 60 284 ta xonadonli 1 175 ta uylarni qurish belgilangan.  

Bugungi kunga qadar ''Yangi Oʼzbekiston'' massivlarida 6 157 ta xonadonli 221 ta uy-joy, uy-joyga talab yuqori boʼlgan hududlarda 18 244 ta xonadonli 389 ta uy-joy foydalanishga topshirilgan.  
Joriy yil davomida 32 146 ta qurilish obyektlari roʼyxatdan oʼtgan boʼlib, ularda 55 321 marotaba nazorat ishlari amalga oshirilgan.  

Hududiy qurilish nazorati inspeksiyalari tomonidan 51 912 ta yozma koʼrsatmalar berilib, 35 992 tasi bartaraf etilgan.

Qurilishda aniqlangan qonun buzilishlar natijasida 4 918 nafar (shundan: 1215 ta pudratchi, 3105 ta buyurtmachi va 598 ta loyiha tashkilotlari) mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy choralar qoʼllanilgan. 1 257 ta obyektda qurilish-montaj ishlarini toʼxtatilib, shundan, 395 tasida buzdirish ishlari olib borilgan. 
Tahlillar shuni koʼrsatmoqdaki, qurilish ishlari hajmining oshib borishi, qonun buzilishlar oldini olish, sifatli obyektlarni barpo etish, qurilgan binolarning insonlar uchun xavfsiz boʼlishini taʼminlash masalalari tobora dolzarblashib boradi.  

Shuningdek, aholining ijtimoiy sharoitlarini tahlil qilgan holda ularni arzon uy-joylar bilan taʼminlash bugungi kunning asosiy talablaridan boʼlmoqda.  

Press klub davomida kun tartibidagi masala yuzasidan vazirlik va idoralar vakillari, olimlar va deputatlar soʼzga chiqib, oʼzlarining turli hil fikr va mulohazalarini bildirishdi.  

Muhokamalar davomida OʼzLiDeP deputatlari, vazirlik va idoralar vakillari hamda partiya faollari bilan birgalikda qurilishdagi sifat va xavfsizlikni taʼminlash, aholini uchun arzon uy-joylar qurishda taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish hamda hamkorlikda ishlarni tashkil qilishga kelishib olindi.