Onlayn uchrashuv qiziqarli muhokamalar bilan davom etmoqda
Onlayn uchrashuv qiziqarli muhokamalar bilan davom etmoqda.
Ta’kidlash lozimki, ushbu muloqot xorijdagi yoshlarimizning g‘oya va orzularini tinglash, ularni amalga oshirish yo‘llarini topish va har bir yoshga o‘z davlatidagi imkoniyatlarni yaxshiroq tushunishga yordam berishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Mazkur tashabbus muloqotda ishtirok etayotgan yoshlar tomonidan juda iliq kutib olindi.
Jumladan, Fransiyaning Parij shahrida o’qib, hozirda o’z faoliyatini olib borayotgan Humoyun Boboyev tashkilotchilarga o’z minnatdorligini bildirib o’tdi. Shuningdek, u mamlakatimizning ijtimoiy yo’nalishidagi ishlar, xususan, aholining kam daromadli qatlamini uy-joylar bilan ta’minlash mavzusiga qiziqish bildirib o’tdi.
Bunga javoban vazir mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasiga katta e’tibor berilib kelinayotgani, davlat rahbari tomonidan “xalq manfaati har narsadan ustun” degan ezgu g’oya ilgari surilayotgani va barcha islohotlar shu tashabbus negizida tashkil etilayotganini ta’kidlab o’tdi.
- Inson qadri mamlakatning har bir fuqarosi uchun tinch, xavfsiz va sifatli hayot, ya’ni munosib turmush sharoiti degani. Ijtimoiy davlat, deganda o‘z fuqarolariga muayyan farovonlikni kafolatlaydigan davlat tushuniladi. Yurtimiz bo‘ylab zamonaviy uy-joylar qad rostlayotgani, hayot kechirish uchun infratuzilmalar yaratilayotgani ana shu sa’y-harakatlar samarasidir.
2017-yildan bugunga qadar respublikamiz bo‘yicha jami 400 mingga yaqin xonadondan iborat salkam 8 mingta ko‘p qavatli uy barpo etildi. Mamlakatimizning demografik o‘sish surati yangi uylarga bo‘lgan talabni tobora orttirmoqda. Shu bois joriy yilda 2,5 ming gektar hududda 53 ta “Yangi O‘zbekiston” massivlari bunyod etilmoqda. 2030-yilga qadar massivlar sonini 100 taga yetkazish reja qilingan. Kelgusi besh yilda aynan shunday massivlarda yana 250 mingdan ziyod oilani uy bilan ta’minlashni maqsad qilganmiz,- dedi vazir.