UZ
RU
O'zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy
kommunal xo'jaligi vazirligi
Ishonch telefoni
1298
Elektron manzil
info@mc.uz
Sayt xaritasi
Vazirga murojaat

Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan oʻquv seminari

Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligida Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan oʻquv seminari boʻlib oʻtdi. Unda Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti, siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori Asrorjon Sattorov, Toshkent davlat Yuridik universiteti dotsenti, yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktorlari Hayitjon Turdiyev  hamda  Vosit Usmonovlar, shuningdek, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi masʼul xodimi Abdullo Abdiyev va vazirlik  markaziy apparat xodimlari, hududiy boshqarma va tizim tashkilotlari  xodimlari ishtirok etdi.  

Taʼkidlandiki, yangilangan Konstitutsiya mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun gʻoyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yoʻlidagi ulkan qadamdir. 
Konstitutsiyada Oʻzbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qatʼiy belgilab qoʻyilgani alohida qayd etildi.  
Konstitutsiyaning eng muhim xususiyatlaridan biri – uning mazmun-mohiyatiga koʻra chinakam xalq konstitutsiyasi boʻlgani - deyildi muloqotda. Mazkur muhim jihat hujjatning ishlab chiqilishi jarayonidayoq yaqqol koʻzga tashlangani alohida eʼtirof etildi. Chunki Asosiy qonunimizga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar birinchi navbatda xalqimizdan kelib tushgan fikr va takliflarga asoslanilgani bilan diqqatga molik.  
Konstitutsiyada kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni taʼminlash, ishsizlikdan himoya qilish boʻyicha normalar oʻz aksini topdi. 
Xususan, Konstitutsiyada har kimning uy-joyli boʻlish huquqi belgilandi. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning oʻz boshpanasiga ega boʻlishini taʼminlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi. 

Bundan tashqari hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u koʻrgan zararlarning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi taʼminlanishi kafolatlandi. 

Oʻzaro samimiy kechgan muloqotda aholi hayoti va salomatlik darajasini yaxshilashning zaruriy sharti sifatida Konstitutsiyada atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha kompleks choralar belgilanligi qayd etildi. 
Shu munosabat bilan, davlat atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʻyicha choralarni amalga oshiradi, fuqarolarning ekologik huquqlarini taʼminlash va atrof-muhitga zararli taʼsir koʻrsatilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi, degan norma belgilandi. Shaharlarning bosh rejalarini jamoatchilik muhokamasidan majburiy oʻtkazilishi shartligi qayd etildi.

Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati toʻgʻrisidagi ishonchli axborotga ega boʻlish huquqiga egaligi belgilandi. 
Taʼkidlanganidek, taʼlim olish huquqi va imkoniyati kengaytiriladi, oʻqituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega boʻladi. Jumladan, fuqarolarning oliy taʼlim muassasalarida davlat granti hisobidan oʻqish huquqi qatʼiy belgilab qoʻyildi. Asosiy qonunda fuqarolarning bepul boshlangʻich kasb-hunarga oʻqitilishi ham belgilandi.  

Konstitutsiyada davlatning oʻqituvchilar shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish majburiyati qayd etildi. Oliy taʼlim tashkilotlariga akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqi taqdim etildi. 

Inson huquq va erkinliklari kafolatlari sezilarli darajada kuchaytirilmoqda. Xususan, Oʻzbekistonda oʻlim jazosi taqiqlandi. Oʻlim jazosini taqiqlashni konstitutsiyaviy darajada belgilanishi insonni hayotdan hatto davlat ham mahrum etishga haqli emasligini kafolatlaydi. 
Bundan tashqari shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi belgilandi. Yaʼni shaxsning erkinligini cheklash bilan bogʻliq har qanday harakat faqatgina sud qarori asosida amalga oshirilishi shart. Ushbu qoida tergov organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish, asossiz qamoqqa olish va saqlashga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan. Bu orqali xalqaro eʼtirof etilgan “Xabeas korpus” institutini qoʻllanish koʻlami yanada kengaydi. 

Shaxsni ushlash chogʻida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga oʻziga qarshi koʻrsatma bermaslik (xalqaro eʼtirof etilgan “Miranda qoidasi”), sukut saqlash huquqi berildi. 
Har kimning yozishmalari, telefon orqali soʻzlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanish huquqiga ega ekanligi belgilandi. Bunday huquqlarning cheklanishiga yoki uy-joyda tintuv oʻtkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyilishi belgilab qoʻyildi. 
Yoshlar huquqlari himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirokini ragʻbatlantirish kafolatlandi. 
Oʻquv seminarida ana shular haqida soʻz bordi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi va kelgusida bu kabi tadbirlarni muntazam tashkil etishga kelishib olindi.  


Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi axborot xizmati