Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari aholi vakillari bilan suhbatlashib, ularning sohaga doir barcha muammolarini tingladi
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva joriy yilning 8-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan rahbariyat qabulida kelib tushgan murojaat asosida poytaxtimizning Mirobod tumani "Afrosiyob" mahallasiga bordi. "Kunayeva Afrosiyob servis" uy-joy mulkdorlari shirkati boshqaruvida bo‘lgan 64 ta xonadondan iborat 39-son uyning aksariyat aholisi shirkat faoliyatidan noroziligini bildirgan edi.
Ozoda Jo‘rayeva aholi vakillari bilan suhbatlashib, ularning sohaga doir barcha muammolarini tingladi. Jumladan, shirkat raisi aholi murojaatlari bilan ishlamaganligi, ularning oldida hisobdorlikni his qilmayotgani, bu esa o‘z navbatida turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqarganligi aniqlandi. O‘rganishlar davomida ko‘p qavatli uyning yerto‘la qismidan foydalanishda qonunbuzilish holatlari mavjudligi ko‘zga tashlandi. Shu bilan birga ko‘p qavatli uylar ekspluatatsiyasi hamda obodonlashtirishida aniqlangan kamchiliklar qat’iy tanqid ostiga olindi.
Vazir o‘rinbosari tomonidan aholini qiynab kelayotgan mazkur muammolarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi va jarayon shaxsan nazorat qilinishi ta’kidlandi.