Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vaziri o'rinbosari Ozoda Jo'rayeva Toshkent shahar hokimligi binosida poytaxtimizdagi barcha tuman hokimlarining o'rinbosarlari bilan uchrashdi
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari mutasaddilar nazoratida. Zero ko'p qavatli uylarning texnik holatini saqlash, ichki muhandislik tarmoqlarini sozlash, tom va yerto'la qismlaridagi muammolarni o'z vaqtida bartaraf etish har qachongidanda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni masalalarni muhokama qilish maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vaziri o'rinbosari Ozoda Jo'rayeva Toshkent shahar hokimligi binosida poytaxtimizdagi barcha tuman hokimlarining o'rinbosarlari bilan uchrashdi. Unda kuz-qish mavsumiga ko'rilayotgan tayyorgarlik ishlari, xususan, tegishli davlat dasturi asosida 2 000 ga yaqin ko'p qavatli uylarning yerto'lalarida amalga oshirilayotgan ta'mirlash ishlari, tom va kirish yo'laklaridagi mavjud holatlar muhokama qilindi.
- Sir emas, o'tgan izg'irin qish mavsumi ko'p qavatli uylarda yillar davomida yig'ilib qolgan muammolarni yaqqol namoyon qildi. Davlatimiz tomonidan berilayotgan shuncha imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda bu yilgi mavsumga yanada puxta tayyorgarlik ko'rish siz-u bizning burchimizdir. Shu bois kimning hududida muammo bo'lsa bartaraf etish choralarini ko'rsin, - dedi Ozoda Jo'rayeva.
Shunigdek, vazir o'rinbosari tomonidan hokimlik mas'ullarining sohaga doir muammo va murojaatlari qabul qilindi. Ozoda Jo'rayeva har qanday masalada ularni qo'llab-quvvatlashini alohida ta'kidladi.
Vazir o'rinbosari hokimlik binosida tashkil etilgan shtabda ham bo'ldi. Unda tumanlar kesimida ko'p qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash ko'rsatkichlari bilan tanishdi. Belgilangan reglamentdan ortda qolayotgan hududlarga qo'shimcha yordam ko'rsatish bo'yicha mas'ullarga topshiriqlar berildi. Shu bilan birgalikda mazkur jarayon vazirlik mas'ullarining nazoratida bo'lishi alohida ta'kidlandi.