Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vaziri o'rinbosari Toir Alimatov Farg'ona viloyatida bo'lib turibdi
Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vaziri o'rinbosari Toir Alimatov Farg'ona viloyatida bo'lib turibdi. Maqsad — hududlarda bunyod etilayotgan turar-joy va ijtimoiy soha obyektlarining sifatini ko'zdan kechirish.
O'rganish ishlari Buvayda tumanidan boshlandi. Tumanda joylashgan 500 qatnovli Ko'p tarmoqli markaziy poliklinika binosi 1983-yilda qurilgan bo'lib, bugunga kelib ma'nan eskirgan. Aholining demografik o'sishi, qolaversa, bolalar, kunduzgi statsionar, sterilizatsiya, fizioterapiya bo'limlari, ayollar maslahatxonasi, laboratoriya, diagnostika xonalarining yetishmasligi sababli, tibbiyot muassasasi rekonstruksiya dasturiga kiritilgan.
Bajarilishi lozim bo'lgan ko'rsatmalar berilar ekan, vazir o'rinbosari tomonidan har bir qurilish ishiga katta mas'uliyat bilan qarash, yo'l qo'yilayotgan kamchiliklarni o'z vaqtida aniqlab, bartaraf etish uchun texnik, mualliflik va ichki nazorat tadbirlarini yanada kuchaytirish darkorligi ta'kidlandi.