Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sh.Hidoyatovning yoshlar bilan muloqoti boshlandi
Ustoz va murabbiylar bilan uchrashuv yakunlangach, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sh.Hidoyatovning yoshlar bilan muloqoti boshlandi.
Vazir so‘zining avvalida bugungi kunda mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlarga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, sohada zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish, shaharsozlikni yangi bosqichga ko‘tarish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, shuningdek, raqamlashtirish jarayonlari izchil amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Uchrashuv davomida vazir yoshlarga murojaat qilib, ulardan ijodkorlik, tashabbuskorlik va yangicha fikrlashni talab etuvchi global jarayonlarga faol qo‘shilishni ta’kidladi.
“Butun dunyo sayyohlarini lol qoldiradigan, O‘zbekistonning o‘ziga xos imzosiga aylanadigan binolarni loyihalashtiringlar. Har biringizning yaratuvchanlik ruhingiz, intilish va g‘oyalaringiz natijasida Vatanimizda o‘z davrining timsoliga aylangan, avlodlar faxr bilan eslaydigan me’moriy obidalar qad rostlashi kerak. Sizlarning chizgan loyihangiz, yaratayotgan inshootlaringiz nafaqat o‘quv jarayonidagi mashq, balki yurtimizning kelajak qiyofasini belgilab beradigan bebaho meros bo‘lishini istardim”, - deya ta’kidladi vazir.
Shuningdek, talabalar tomonidan erishilayotgan yutuqlarni e’tirof etilib, ularga ilmiy izlanishlarda faol bo‘lish, xalqaro tanlovlarda munosib ishtirok etish va o‘z ustida doimiy ishlash zarurligi alohida qayd etildi.