Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov hamda vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva aholi vakillarining murojaatini eshitdi
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov hamda vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva Mirobod tumani Mirobod ko‘chasi 41-uyda yashovchi aholi vakillarining murojaatini eshitdi.
Qayd etilganidek, bu yerda asosiy masala 41-son ko‘p qavatli uy boshqaruvini tanlashdagi kelishmovchiliklar. Ushbu muammoni bartaraf qilish bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan ham o‘rganishlar o‘tkazilgan. Xususan, mazkur ko‘p qavatli uy joriy yilning 16-aprel kuni “Mirobod Avenyu kommunal" BSKdan "Proservicecorp" boshqaruv tashkilotiga o‘tkazilgan. Biroq yig‘ilish bayonnomasiga “Uy yerto‘la qismining texnik holatini tekshirishga rozilik berish uchun”, - deb mulkdorlar imzolari noqonuniy yig‘ilganligi aniqlangan. Shundan keyin uy yana oldingi boshqaruvchi “Mirobod Avenyu kommunal" BSKga qaytarilgan. Murojaatchilarga ko‘ra yerto‘la ijarasidan tushadigan mablag‘lar bo‘yicha ham chalkashliklar mavjud.
Mutasaddilar murojaatchilarni tinglagan holda har ikki boshqaruv kompaniyasi vakillarining ishtirokisiz ko‘p qavatli uy aholisi bilan birma-bir suhbat o‘tkazilishi va natijasiga ko‘ra qonunchilikka asosan ish ko‘rilishi bo‘yicha Inspeksiyaga ko‘rsatma berdi.
Vazirning birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov masalani joyiga chiqqan holda o‘rgandi. Aholi bilan suhbatlashib, ularning muammolarini tingladi. Shuningdek, ko‘p qavatli uyning yerto‘lasida ham o‘rganish ishlari amalga oshirildi. Tadbirkorlik uchun ijaraga berilgan yerto‘ladan kelib tushadigan daromadni uyning umumiy ekspluatatsiyasiga sarflash, bu bo‘yicha tegishli smeta hujjatlarini ishlab chiqish, shu bilan birgalikda aholining majburiy to‘lovlarini yengillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Sherzod Hidoyatov Inspeksiya mas'ullariga mazkur ko‘p qavatli uyda mavjud noqonuniy qurilmalarni zudlik bilan bartaraf etish va qoidabuzarlarga nisbatan tegishli tartibda chora ko‘rish yuzasidan topshiriq berdi. Shuningdek, joriy yilning 20-oktabr sanasiga qadar mazkur uydagi holat uzil-kesil hal qilinishi ta'kidlandi.