Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i G‘ayrat Rahimov Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib, Dubayning oqova suvlari tozalash sohasidagi ilg‘or tajribalarini o‘rganmoqda
Bir qator samarali hamkorlik loyihalarini rivojlantirish maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i G‘ayrat Rahimov Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib, Dubayning oqova suvlari tozalash sohasidagi ilg‘or tajribalarini o‘rganmoqda.
Xususan, Dubayning sanoat zonasida joylashgan oqova suvlari tozalash inshooti atroflicha ko‘zdan kechirildi. Mazkur inshootda kuniga 56 ming kub metr oqova suvni tozalash imkoni mavjud bo‘lib, 3 xil zamonaviy texnologiya — SBR (Sequencing Batch Reactor), Karusel (Carrousel) va NBRT (New Biological Regenerative Technology) qo‘llanilmoqda.
Sequencing Batch Reactor (SBR)— bu oqova suvlari biologik tozalashning tsiklik usuli bo‘lib, unda barcha texnologik jarayonlar bir reaktorda belgilangan vaqt tartibida navbatma-navbat bajariladi. Ya’ni aeratsiya, tindirish va tozalangan suvni chiqarish.
Carrousel— bu oqova suvlari biologik tozalashning zamonaviy usuli bo‘lib, aylanma kanallardagi aerotanklarda suv uzluksiz bosqichma-bosqich aeratsiyalanib, organik moddalar mikroorganizmlar yordamida parchalanadi hamda azot birikmalari bartaraf etilgan holda suv ekologik me’yorlarga javob beradigan darajada tozalanadi.
New Biological Regenerative Technology (NBRT)— bu zamonaviy ilg‘or biologik tozalash tizimi bo‘lib, unda suv avval anoksik va aerob bloklarda mikroorganizmlar yordamida tozalanadi, keyin esa membranali filtrdan o‘tkazilib, filtrlanadi. Natijada tozalangan suvni sug‘orish yoki texnik maqsadlarda qayta foydalanish mumkin.
Shuningdek, oqova suvni biologik tozalash, kislorod bilan to‘yingan holda zararsizlantirish hamda filtrlari yordamida tozalash jarayonlari batafsil o‘rganilmoqda. Bu tajriba O‘zbekistonning atrof-muhitni muhofaza qilish va suv resurslarini samarali boshqarish sohasida hamkorlik uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Tashrif davomida Dubay shahri hokimligi va “Metito” kompaniyasi vakillari bilan Namangan viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihaning texnik jihatlari ham muhokama qilindi va ekologik xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejalashtirildi.
Ushbu hamkorlik nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilish, balki aholi uchun sifatli va xavfsiz suv ta’minoti sohasida ham yangi imkoniyatlarni ochmoqda.


