Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda uning tizim tashkilotlarida bugun siyosiy-ma’rifat soati bo'lib o'tdi
Jarayonda vazirlik markaziy apparati, "Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish" Respublika markazi, Texnik me'yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti, Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish Respublika markazi xodimlari milliy liboslarda ishtirok etib, siyosiy bilim va ko‘nikmalarini oshirishdi
Mazkur tashabbus nafaqat xodimlarning siyosiy savodxonligi va fuqarolik mas’uliyatini oshirishda, balki ularning milliy qadriyatlarga ehtiromini mustahkamlash, milliy o‘zligimizni yanada chuqurroq anglash va targ‘ib qilishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, tadbirda huquqiy savodxonlik, jumladan, sohada qabul qilinayotgan yangi normativ hujjatlar mazmun-mohiyati xususida ma'lumot berilib, sohada shaffoflikni oshirish, korrupsiya holatlariga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish yo'nalishidagi dolzarb vazifalar ham muhokama qilindi. Shuningdek, manfaatlar to'qnashuviga yo'l qo'yish va korrupsion jinoyatlarni amalga oshirishning salbiy oqibatlari haqida tushuntirish ishlari olib borildi.
Bu kabi tadbirlar vazirlikning barcha hududiy boshqarmalari va tizim tashkilotlarida o'tkazib kelinmoqda.