Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi bosh prokurori oʻrinbosarlari, Toshkent shahri prokurori hokimlik mas'ullari poytaxtimizning Uchtepa tumanida boʻldilar
Yurtimizning barcha jabhalarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Bunda koʻp kvartirali uylarni texnik holatini yaxshilash, mavjud muammolarni bartaraf etish, energosamaradorlikni joriy etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Mazkur ishlarning borishi avvalo yurtboshimiz, shuningdek, sohaga mas'ul mutasaddilar e'tiboridan chetda qolayotgani yoʻq.
Bugun davlatimiz rahbarining topshirigʻi asosida Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Ozoda Joʻrayeva, Oʻzbekiston Respublikasi bosh prokurori oʻrinbosarlari Shohrux Aminov va Sherzod Toʻxtaboyev, Toshkent shahri prokurori Erkin Yoʻldoshev, Toshkent shahri prokurori oʻrinbosari Habibulla Mirsoatov, hokimlik mas'ullari poytaxtimizning Uchtepa tumanida boʻldilar. Xususan, mazkur hududda faoliyat yurituvchi "Uchtepa shirin" BSK tomonidan amalga oshirilgan ishlar, koʻp qavatli uylarning kuz-qish mavsumiga tayyorligi, tom, kirish yoʻlagi, yertoʻla qismlarida amalga oshirilgan ta'mirlash-tiklash ishlari koʻzdan kechirildi. 10 ta koʻp qavatli uyning tom qismi mukammal ta'mirlangani aholining muammolarini bartaraf etishi, bunday ishlar koʻlamini oshirish lozimligi ta'kidlandi.
Ammo mutasaddilar tomonidan koʻp qavatli uyning tutash hududlarida obodonlashtirish ishlari talab darajasida olib borilmayotgani keskin tanqid ostiga olindi. Uylar atrofini obodligini saqlashda aholi daxldorligini ham oshirish, bunda mahalla faollarini mas'uliyatini kuchaytirish lozimligi ta'kidlandi. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli mas'ullarga koʻrsatmalar berildi.