Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (RASMIY MUNOSABAT)
Facebook ijtimoiy tarmog'ida "Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi boshqaruvni faqat 30 ta xonadon bilan cheklamoqchi" mavzusidagi xabarlar tarqalgan edi. Mazkur xabarlarni tahlil qilgan holda shuni ma'lum qilamizki, qonun loyihalari O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonuni hamda “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi Qonun normalariga muvofiq ishlab chiqiladi va qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda quyidagi kelishish jarayonlaridan o‘tkazilishi kerak, bunda:
- manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishiladi;
- jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi;
- Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;
- shuningdek, qonunchilik palatalarida muhokama qilinadi va belgilangan tartibda qabul qilinadi.
Bildirib o‘tamizki, “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida xalqaro tajribalar ham o‘rganilmoqda va taklif etilayotgan har bir norma mamlakatimiz qonunchiligi, Konstitutsiyada belgilangan asosiy huquq va erkinliklar, xususan, aholining an’analari va turmush tarzi bilan uyg‘unlashtirilgan holda baholanmoqda.
Hozirgi vaqtda Qonun loyihasi yuzasidan turli taklif va mulohazalar o‘rganilib, asosli bo‘lgan taqdirda inobatga olinmoqda.
Bildirilgan taklif va fikrlar ham umumiy tartibda qonun loyihasini takomillashtirish jarayonida tegishli tartibda ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, qonun muhokamasi davomida ekspertlar va jamoatchilik vakillari ishtirokini ta’minlash masalasi ham nazarda tutilgan.