Rahbariyat qabulida ham aholi vakillarining kommunal sohaga oid muammolariga yechim topilmoqda
Odamlarning hayotiy talab va ehtiyojlarini ta’minlash, aholini rozi qilish masalasi bugun har bir kommunal soha vakiliga mas’uliyat yuklaydi. Shu bois mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish, murojaatlar bilan ishlash va aholi muammolarini hal etish sohasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva ishtirokida haftaning juma kunlari o‘tkazilib kelinayotgan rahbariyat qabulida ham aholi vakillarining kommunal sohaga oid muammolariga yechim topilmoqda.
Bugungi qabulda ham poytaxtimizning Sergeli, Shayxontohur, Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor, Yangihayot, Mirobod tumanlaridan kelgan 26 nafar murojaatchining muammolari qabul qilindi. Ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish sohasi bilan bog‘liq murojaatlarning aksariyati, xususan, ularning faoliyatidan norozilik, tadbirkorlik subyektlari bilan bog‘liq mojarolar, boshqa boshqaruv tashkilotiga o‘tish masalalari bo‘yicha joyida tegishli mas’ullarga topshiriqlar berildi. Shuningdek, borib o‘rganish talab etiladigan murojaatlar yuzasidan aniq muddat belgilanib, shaxsan vazir o‘ribosari ishtirokida o‘rganiladigan bo‘ldi.
Boshqaruv tashkilotlari uchun mulkdor huquq va manfaatlarini himoya qilishning eng maqbul yo‘li - ularni tinglay bilish. Ba’zi boshqaruv tashkilotlari shu jihatga e’tibor qaratmaydi. Aholi bilan gaplashing, ularni muammolari bilan shug‘ullaning. Shunda ishingizda samara bo‘ladi - dedi Ozoda Jo‘rayeva boshqaruv tashkilotiga qarata.
Qabul yakunida 5 nafar murojaatchining muammosi joyiga chiqqan holda o‘rganiladigan bo‘ldi.