"Roʻyxatdan oʻtkazmasdan oʻzboshimchalik bilan qurilgan obyektlarni foydalanishga qabul qilinmasligi bilan bogʻliq masalalar" mavzusida brifing
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-sonli qarori bilan qurilish sohasiga oid maʼmuriy Reglamentlar tasdiqlangan. Mazkur reglamentlarda qurilish ishlarini amalga oshirishda jismoniy va yuridik shaxslar arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini ishlab chiqish, loyiha-smeta hujjatlarini kelishish hamda qurilish-montaj ishlarini boshlashi uchun obyektni roʻyxatdan oʻtkazishlari shartligi koʻrsatib oʻtilgan. Shuningdek, qurilish-montaj ishlari tugallangan obyektdan foydalanish uchun ruxsatnoma berish tartibini amalga oshirilishi ham qatʼiy belgilab berilgan.
Biroq ayrim holatlarda shaharsozlik subyektlari yaʼni mulkdorlarning mazkur reglament talablarini bajarmasligi, oʻzboshimchalik bilan qurilishlar qilayotgan holatlari ham uchrab turibdi. Shu kabi masalalarni hal etish, qonunosti hujjatlaridagi boʻshliqlarni toʻldirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 23-noyabrdagi “Shaharsozlik faoliyatida ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan Hukumatning ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi 619-sonli qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjatning ikkinchi bandida Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasiga 2024-yilning 1-aprelidan hududiy inspeksiyalardan roʻyxatdan oʻtmasdan qurilgan obyektlarni instrumental texnik tekshiruvdan oʻtkazib, foydalanishga ruxsat berish ishlarini toʻxtatish vazifasi yuklatilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, 2024-yilning 1-aprelidan eʼtiboran hududiy Inspeksiyalardan roʻyxatdan oʻtkazmasdan oʻzboshimchalik bilan qurilgan yoki qurilayotgan obyektlarni foydalanishga qabul qilishga ruxsatnoma berilmasligini maʼlum qilamiz. Alohida qayd etish kerakki, aholiga qulayliklar yaratish maqsadida qurilish ishlarini amalga oshirish uchun loyiha hujjatlarini kelishishdan boshlab foydalanishga qabul qilishgacha boʻlgan barcha jarayonlar raqamlashtirilgan. Yaʼni, ushbu jarayonlarga oid barcha hujjatlar elektron formatda onlayn qabul qilinadi va koʻrib chiqiladi.
Shuningdek, obyektlarning qurilish-montaj ishlarini nazorat qilish hududiy inspeksiyalar tomonidan maxsus elektron plaftorma orqali amalga oshiriladi.