UZ
RU
O'zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy
kommunal xo'jaligi vazirligi
Ishonch telefoni
1298
Elektron manzil
info@mc.uz
Sayt xaritasi
Vazirga murojaat

Yangiliklar

Samarqandda “Bolalar va yashil jamoat parki” barpo etiladi

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari T.Alimatov boshchiligidagi ishchi guruhi Samarqand viloyatida xizmat safarida bo‘lib, bir qator yirik loyihalar bilan tanishdi. Ishchi guruh dastlab Samarqand shahrining O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan sobiq harbiy shifoxona hududida amalga oshirilayotgan “Bolalar va yashil jamoat parki” loyihasini o‘rgandi.

Mazkur hududda aholi uchun so‘lim maskan yaratish, ekologik muhitni yaxshilash hamda shahar aholisining hordiq chiqarishi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida 5,4 gektar maydonda zamonaviy istirohat bog‘i barpo etilishi rejalashtirilgan. Hududdagi mavjud 5 ta bino va inshoot madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, ular saqlab qolingan holda yangi infratuzilma bilan uyg‘unlashtirilmoqda.

1870-yillarda tashkil etilgan sobiq harbiy shifoxona hududida o‘nlab yillar davomida o‘sib kelayotgan manzarali daraxtlar mavjud. Loyihaga ko‘ra ularning barchasini saqlab qolish hamda parkning asosiy qismini yashil maydon sifatida tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Hozirda istirohat bog‘i konsepsiyasini ishlab chiqishda salohiyatli loyiha tashkilotlari jalb etilgan. Unga muvofiq madaniy meros obyektlariga zarar yetkazmasdan ularni muzey, kutubxona, kiber va robototexnika to‘garaklari, yoshlar uchun kreativ markazlar sifatida foydalanish belgilangan. Shuningdek, hududda “Shirinliklar dunyosi”, tomosha charxpalagi, sun’iy ko‘l, yoshlik alleyasi, nuroniylar markazi, sport va sog‘lomlashtirish maydonchalari barpo etilishi rejalashtirilgan.

T.Alimatov loyiha ijrochilari bilan uchrashuv davomida parkni barpo etishda ekologik talablar, xavfsizlik normalari va madaniy meros obyektlarini asrash masalalariga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, u hududdagi daraxtlarning ildiz tizimiga zarar yetkazmaslik, suv ta’minoti va yoritish tizimlarini puxta loyihalash, shuningdek, istirohat bog'ini bolalar va oilalar uchun qulay, xavfsiz hamda jozibador maskanga aylantirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.