UZ
RU
O'zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy
kommunal xo'jaligi vazirligi
Ishonch telefoni
1298
Elektron manzil
info@mc.uz
Sayt xaritasi
Vazirga murojaat

Yangiliklar

Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023–2027-yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Joriy yilning 11-sentabrida “Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023-2027-yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi.

Mazkur Qaror bilan  hududlarni shaharsozlik jihatdan rejalashtirishga doir ishlab chiqiladigan hujjatlarning 3 ta darajasi belgilandi. Demak, birinchi darajada — Oʻzbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh sxemasi, hududlarni rivojlantirishni rejalashtirish sxemalari hamda shaharlar atrofi zonalari integratsiyasi asosida aglomeratsiya hududlarini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi. Ikkinchi darajada esa shaharlar va shaharchalarning bosh rejalari, shuningdek, qishloq aholi punktlarining hududlarini shaharsozlik jihatdan rivojlantirish sxemalari va uchinchi darajada — hududlarning master rejalari yoki batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqiladi.

Yana bir yangilik. Endilikda shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha davlat organlarining vazifalari ham  belgilanmoqda. Unga koʻra aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tizimini muvofiqlashtiruvchi organ  Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi etib belgilandi.  Shuningdek, aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish doirasida uzoq muddatli rivojlanish yoʻnalishlarini va prognoz parametrlarini belgilash boʻyicha masʼul organ etib Iqtisodiyot va moliya vazirligi aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachi etib  Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi belgilab qoʻyildi. 

Endi master rejalar va batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachi  mahalliy hokimliklar hamda manfaatdor vazirlik va idoralar hisoblanadi.



Shuningdek, bunda xususiy tashabbuskorlar ham buyurtmachi vazifasini bajarishi mumkin boʻladi.

Bundan tashqari mahalliy hokimliklar rahbarlari zimmasiga  hududlarni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning aholi punktlari shaharsozlik hujjatlariga rioya etgan holda amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklandi. Bunda obyektlar qurilishida aholi punktlarining tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga qatʼiy rioya etishlari va aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini amalga oshirishlarini nazorat qilishlari zarur boʻladi. Bundan buyon shaharlarning bosh rejalarini soddalashgan koʻrinishda ishlab chiqishga ruxsat berilmoqda. Bunda aholi punktlarining hududlari konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratiladi.

Yana bir yangilik. Hududlarni iqtisodiy rivojlantirishni yaqin, oʻrta va uzoq muddatlarga rejalashtirish, ularning iqtisodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish hamda shaharsozlik va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida master rejalar ishlab chiqish tizimi joriy etilmoqda. Ushbu jarayonda  master reja batafsil rejalashtirish loyihasi, hududni qurish loyihasi va dizayn kod bilan birgalikda ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan holatda shaharsozlik hujjati sifatida qabul qilinadi. Endilikda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzurida Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish respublika markazi tashkil etilmoqda. Ushbu Markaz shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachilik funksiyasini bajaradi. Shuningdek, Davlat shaharsozlik kadastrini va shaharsozlik geoaxborot tizimini yuritish  hamda operatorlik funksiyasini bajarishga masʼul hisoblanadi.



2023-2027-yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturi hamda bosh rejalari ishlab chiqiladigan shaharlar, shaharchalar va qishloqlarni roʻyxati tasdiqlandi. Unga koʻra kelgusi 5 yilda 27 ta  shahar, 217 ta shaharcha va 517 ta qishloq aholi punktlarining bosh rejalari ishlab chiqiladi.  Bosh rejalarni ishlab chiqishga masʼul loyiha institutlari ham  belgilab berildi. Xususan, “OʻzshaharsozlikLITI” instituti – shaharlar va shaharchalarning bosh rejalari loyihalarini ishlab chiqadi.  “ToshkentboshplanLITI” instituti esa Toshkent va Samarqand shaharlari, Toshkent viloyati shaharlari va shaharchalarining bosh rejalari loyihalarini ishlab chiqadi. Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot, shaharsozlik kadastri ilmiy-tekshirish instituti – shaharlar va shaharchalarning bosh rejalarini ishlab chiqish uchun muhandislik-geologiya va topogeodeziya ishlarini bajaradi.

Darvoqe, alohida hududlarning master rejalari va batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish uchun tanlov asosida xususiy loyiha tashkilotlari ham jalb etiladi.
2024-yilning 1-yanvariga qadar Shaharsozlik geoaxborot tizimi ishga tushiriladi. Natijada:
- hududlarning barcha ijtimoiy-iqtisodiy maʼlumotlar turlarini yaratish, boshqarish, 3D vizual koʻrinishini shakllantirish va kompleks tahlil qilish imkoniyati yaratiladi;
- hududlar konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratilib, geofazoviy maʼlumotlarni joylashtirish orqali aholi punktlarining “raqamli egizaklari” yaratiladi;
- bosh rejalar va yirik loyihalarni jamoatchilik ekspertizasidan oʻtkazish jarayonlari raqamlashtiriladi;
- bosh rejalar asosida qurilishga ruxsat beruvchi hujjatlarni berish jarayonlari toʻliq raqamlashtiriladi.

 Fuqarolarning qulay hayot faoliyati muhitini kompleks shakllantirish, shaharsozlik va tadbirkorlik faoliyatida byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish hamda zaruriy shart-sharoitlar yaratish maqsadida “Mening hududim” elektron platformasi ishlab chiqiladi. Yaʼni bunda:
- “Mening hududim” elektron platformasida manfaatdor vazirlik va idoralarning shaxsiy kabinetlari yaratilib, ular faoliyatiga taalluqli boʻlgan maʼlumotlar mahalla kesimida raqamli shaklda kiritib boriladi. Bosh rejalar va master rejalarini ishlab chiqishda jamoatchilik fikri oʻrganiladi hamda ovoz berish mexanizmi joriy etiladi. Aholi va tadbirkorlik subyektlarining shaharsozlik va tadbirkorlik faoliyatiga taalluqli tashabbuslarini aks ettiruvchi tizim joriy qilinadi. Shuningdek, bundan buyon hokimlar har yili oʻz hududlarining shaharsozlik hujjatlari ijrosi yuzasidan tegishliligi boʻyicha xalq deputatlari Kengashlariga va Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashiga hisobot beradilar.