“Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish Respublika markazi” davlat muassasasi direktorining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha murojaati
Korrupsiyaga qarshi kurash – umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishidir. Umuman, bu jarayondan hech kim chetda turmasligi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
“Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish Respublika markazi”
davlat muassasasi direktori Mirabbos Mirkomilovich Inoyatovning
KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH BO‘YICHA MUROJAATI
Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash borasida bir qator dolzarb islohotlar amalga oshirilmoqda. Barcha soha va tarmoqlardagi bu kabi ijobiy o‘zgarishlarning barchasi inson qadri, uning huquq va manfaatlarini taʼminlashga qaratilmoqda.
Korrupsiya asli bu shunday yovuz illatki, u xalqning davlatga nisbatan, shuningdek, Konstitutsiya va qonunlarga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazadi, u nafaqat barqaror rivojlanishiga, vaholanki, xavfsizlik uchun ham jiddiy tahdidga aylanadi.
Joriy yilning 5 mart kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlari natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishida ham mutasaddi rahbarlarga bir qator vazifalar yuklatilgani bejiz emas.
Shuningdek, ushbu yig‘ilishda Hurmatli Prezidentimiz tomonidan “Belgilangan islohotlarimiz qanchalik to‘g‘ri bo‘lmasin, tizim raqamlashmasa, kutilgan natijaga erisha olmaymiz” deb alohida taʼkidlab o‘tdilar.
Shu o‘rinda qurilish sohasi, xususan, shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish tizimida ham bir qator tegishli ishlar boschiqma-bosqich olib borilib, natijada tizim to‘liq raqamlashtirildi.
“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi negizidagi “Loyiha-smeta hujjatlari ekspertizasi” elektron platformasi ishga tushirilishi natijasida axborot almashinuvi to‘liq raqamlashtirilib, jarayondagi inson omili bartaraf etilishiga erishildi, hujjatlarning qog‘oz shaklidan voz kechilib, barcha hujjatlar elektron bazada saqlanishi yo‘lga qo‘yildi, buni hisobiga sifatli loyihalar ishlab chiqilishi tizimli nazoratga olindi, qo‘shimcha ovoragarchiliklarga chek qo‘ygan holda ekspertiza ko‘rigiga hujjat kiritish va xulosa olish jarayonining tezlashishi hamda shaffofligi taʼminlandi.
Avvallari birgina qurilish obyektining loyiha hujjatlarini ekspertitazadan o‘tkazish uchun o‘rtacha 15-20 kg qog‘oz sarf etsa va bu ko‘rsatkich bir yil mobaynida 400 tonnadan ortiqroqni tashkil etardi. Bu o‘z navbatida birgina loyiha hujjatlariga bir yil davomida 8 mlrd.so‘m atrofidagi mablag‘lar harajatiga olib kelardi.
Bugungi kunda ushbu tizimning raqamlashtirilishi fonida shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilishda buyurtmachilarga loyihalarni elektron variantda taqdim etish imkoniyati yaratildi va ortiqcha qog‘oz sarfi hamda mablag‘lar tejalishining oldi olindi.
Shu bilan birga, qurilish loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish uchun sarflanadigan vaqt tejaldi, inson omili ishtirokiga hamda korrupsiviy omillarning yuzaga kelishiga chek qo‘yildi.
O‘tgan yarim yil mobaynida Davlat dasturlari hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha 14 mingdan ziyod obyektlarning loyiha-smeta hujjatlariga “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish Respublika markazi” davlat muassasasi hamda uning hududiy boshqarmalari tomonidan yig‘ma ekspertiza xulosalari taqdim etildi.
Taʼkidlash joyizki, tizimni raqamlashtirish va manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish natijasida mazkur loyihalarning smeta qismidan 4,1 trln.so‘m mablag‘ iqtisod qilinishiga erishildi.
Shuningdek, “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish Respublika markazi” davlat muassasasi faoliyatida korrupsion holatlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish yuzasidan korrupsiyaga qarshi kurash sohasida jami 11 ta ichki meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, muassasaning Odob-axloq va ichki mehnat tartib qoidalari qayta ko‘rib chiqilib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qonun hujjatlariga muvofiqlashtirildi.
Muassasamiz hamda uning hududiy boshqarmalarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning qonunchilikka zid xatti-xarakatlar hamda korrupsiya va boshqa huquqbuzarlik holatlariga aloqadorligi yuzasidan ishonch telefoni, maxsus aloqa kanallar, telegramm bot orqali murojaatlar yo‘llash imkoni yaratildi.
Muhtaram Prezidentimiz “Davlat tuzumini ichidan yemiradigan, ijtimoiy barqarorlik kushandasi bo‘lgan korrupsiya balosiga qarshi, byurokratiyaning har qanday ko‘rinishlariga, odamlarni mensimaslik, mahalliychilik va guruhbozlik illatlariga qarshi barchamiz keskin kurash olib borishimiz kerak” deb taʼkidlaganlaridek, “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish Respublika markazi” DM ham korrupsiyaga qarish murosasiz kurashda barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etgan.
Bu borada muassasada tashkil etilgan 71-203-11-01 (ichki 202) ishonch telefoni hamda @EkspertizaKomplayensbot rasmiy telegramm bot aloqa kanallari orqali murojaat yo‘llashingiz mumkin.
Har bir yo‘llangan murojaat eʼtibordan chetda qolmaydi va murojaat yo‘llovchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Muassasa hamda uning hududiy boshqarmalarida faoliyat yuritayotgan har bir rahbar va xodimni ezgu maqsadlarimiz, pok eʼtiqodimiz va sharafli vazifamizga korrupsiyani aslo yaqin yo‘latmaslikka yana bir bor chorlayman.
M.Inoyatov
“Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish
Respublika markazi” DM direktori