Siz qurilishi boshlanmagan yoki davom etayotgan koʻp kvartirali uydan xonadon xarid qilmoqchimisiz?!
Avvalo, yurtdoshlarimiz quruvchilar bilan oʻrtada tuzilayotgan shartnomalarni toʻliq oʻqib koʻrishlari, kerakli hollarda huquqshunoslarga mazkur shartnomani koʻrsatishlari, unga koʻra fuqarolar mazkur shartnomalarga oʻz talab va takliflarini kiritishlari lozim boʻladi.
✔️ Shartnomada quyidagilar boʻlishi lozim:
- qurilish majmuasi va qurilish obyekti haqidagi maʼlumotlar (manzili, joylashgan joyi, kvartira raqami va boshqalar);
- qurilish obyekti maydoni va qiymati;
- qurilish obyektini ulushdorga topshirish muddati va holati;
- ulushdor tomonidan kiritiladigan summa miqdori;
- oʻzaro hisob-kitoblar tartibi;
- qurilish-montaj ishlarining grafigi;
- tomonlarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi;
- shartnoma boʻyicha talablar huquqlarini oʻtkazish tartibi;
Fuqarolar qurilishi boshlangan uy-joylarning qurilishga ruxsat beruvchi hujjatlari, loyiha va ekspertiza hujjatlari bilan tanishib chiqishi uchun uni talab qilishga haqlilar. Bunda fuqarolar qurilish majmuasining tegishli tartibda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining elektron platformasidan roʻyxatdan oʻtganligini koʻrishlari lozim boʻladi.
Elektron platformada quruvchi har bir qurilish majmuasi boʻyicha elektron roʻyxatga alohida kiritilgan boʻlishi shart.
Elektron roʻyxatga kirish uchun vakolatli davlat organiga elektron platforma orqali quyidagi hujjatlarni elektron shaklda taqdim etadi:
- quruvchi va qurilish-pudrat tashkiloti (bosh pudratchi) bilan tuzilgan bosh pudrat shartnomasi nusxasi (agar bosh pudratchi jalb qilinadigan boʻlsa);
- yer uchastkasi ajratish haqidagi va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga birlamchi ruxsat beruvchi hujjatlar (loyihalashtirish topshirigʻi va arxitektura–rejalashtirish topshirigʻi) nusxalari;
- loyiha-smeta hujjatlari va ijobiy ekspertiza xulosasi nusxasi;
- qurilish majmuasi qurilishi boʻyicha texnik va mualliflik nazoratini hamda qurilish-montaj ishlari jarayonida davlat nazoratini amalga oshirish boʻyicha tegishli hududiy nazorat tashkiloti bilan tuzilgan shartnomalar nusxalari;
- quruvchining soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorligi mavjud emasligi haqidagi maʼlumotnoma;
- quruvchida qurilish majmuasi qiymatining 20 foizidan kam boʻlmagan miqdordagi oʻz moliyaviy resurslari mavjudligini tasdiqlovchi hujjat yoki mazkur mablagʻlarga yoxud uning yetishmayotgan qismiga kredit ajratish haqida bank kafolat xati. Bunda qurilish majmuasiga sarflangan xarajatlar summasi hisobga olinadi;
- ulushdorlarning mablagʻlarini jamlashga moʻljallangan tijorat bankida ochilgan alohida hisobvaraq haqidagi maʼlumotnomalarni oʻz ichiga oladi!!