Surxondaryo viloyatida o‘rganishlar davomida ishchi guruh Angor tumanidagi “Sharq guli” mahallasi hududida barpo etilayotgan yangi umumiy ta’lim maktabi qurilish jarayonlarini ham ko‘zdan kechirdi
Surxondaryo viloyatida o‘rganishlar davomida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari T.Alimatov boshchiligidagi ishchi guruh Angor tumanidagi “Sharq guli” mahallasi hududida barpo etilayotgan yangi umumiy ta’lim maktabi qurilish jarayonlarini ham ko‘zdan kechirdi.
Mazkur ta’lim muassasasi aholining talabidan kelib chiqib, zamonaviy o‘quv sharoitlarini yaratish maqsadida bunyod etilmoqda.
O‘rganish davomida vazir o‘rinbosari obyekt hududida tozalikni doimiy ravishda saqlash, qurilish chiqindilarini o‘z vaqtida olib chiqish hamda barcha ishlarni belgilangan me’yor va talablar asosida sifatli bajarish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Shuningdek, ishchi guruh Boysundagi “Yangi O‘zbekiston” massivida olib borilayotgan qurilish ishlarini ham o‘rgandi. Bu yerda yangi turar joylar, ijtimoiy infratuzilma obyektlari, muhandislik tarmoqlari va yo‘l infratuzilmasi bosqichma-bosqich barpo etilmoqda.
T. Alimatov massivda olib borilayotgan ishlarda sifat nazoratini kuchaytirish, rejalashtirilgan obyektlarni o‘z vaqtida foydalanishga topshirish va aholining yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan har bir bosqichda tizimli yondashuvni ta’minlash lozimligini qayd etdi.