Suv xo‘jaligi, suv ta’minoti va kanalizatsiya masalalari bo‘yicha tarmoq ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Ushbu yig‘ilishda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov ishtirok etdi. Qayd etildiki, mazkur platformaning tashkil etilishi, unda suv xo‘jaligi, xususan, ichimlik suv yo‘nalishini qamrab olgan Ishchi guruhining shakllanishi vazirligimiz o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga mos keladi.
Ishchi guruhi yig‘ilishida Sh.Hidoyatov mamlakatimizda ayni yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
“Ichimlik suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida”gi Qonunda belgilanganidek, vazirligimiz mazkur sohaning regulyatori hisoblanadi, ya’ni:
– sohada yagona davlat siyosatini yuritish;
– sohadagi dasturlar, strategiyalar hamda konsepsiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
– sohaga tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, qabul qilish va takomillashtirish;
– ilmiy tadqiqotlar amalga oshirishni va kadrlar tayyorlashni tashkil etish;
– xalqaro moliya institutlarining faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqa bir qancha vazifalar vazirlikka yuklangan.
Shu bilan birga ma’muriy islohotlar doirasida respublikamizdagi eng katta ichimlik suv ta’minoti va oqova suv chiqarish tizimini qamrab olgan “O‘zsuvta’minot” AJ vazirlik tarkibiga kiritildi.
Uchrashuvda faoliyatimiz uzviy bog‘liq bo‘lganligi sababli vazirligimiz va Suv xo‘jaligi vazirligi doimiy ravishda hamkorlik qilib kelayotgani aytib o‘tildi. Xususan, Suv kodeksi loyihasini ishlab chiqish va himoya qilishda, shuningdek, suv xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi strategiyani ishlab chiqishda ham mutaxassislarimiz ishtirok etmoqda.
Ushbu kodeks va strategiyaning “Ichimlik suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida”gi Qonunga mos bo‘lishi va ushbu hujjatlarda ichimlik suv ta’minoti manfaatlari ustuvorligini ta’minlashimiz muhim, - dedi Sherzod Hidoyatov.
Suv xo‘jaligi, suv ta’minoti va kanalizatsiya masalalari bo‘yicha tarmoq ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishida mamlakatimiz aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash yo‘nalishidagi loyihalar va ularning natijalari xususida ham axborot berildi.
So‘ngi yillarda sohada ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmi 46 %ga ortib, bir yilda 1 trln 170 mlrd so‘mdan 2 trln 70 mlrd so‘mga yetkazildi. Hisoblagichlar bilan ta’minlangan iste’molchilar 12 % ortib, 58 %dan 70 %ga yetkazildi. Elektron to‘lovlar ulushi 49 %ga ortib, 21%dan 70 %ga yetkazildi va bir yilda ko‘rsatilgan xizmatlar uchun 1 trln 200 mln so‘m to‘lovlar elektron shaklda amalga oshirilib, bu borada shaffoflik ta’minlanmoqda. So‘nggi yetti yilda davlat budjetidan 14 trln so‘mga yaqin mablag‘ ajratilishi natijasida aholining ichimlik suv ta’minoti darajasi 51%dan 74,5 %ga yetkazildi.
Buning uchun 25 ming kmdan ortiq tarmoqlar tortildi va rekonstruksiya qilindi, 2 mingtaga yaqin inshootlar qurildi va kapital ta’mirlandi.
Joriy yilda 2 mingtadan ortiq obyektlarni qurish uchun davlat budjetidan 4 trln so‘m va 20 ta yirik loyiha uchun xorijiy moliya institutlarining 266 mln dollar kredit mablag‘lari jalb etilmoqda.
Hozirda 3,2 trln so`m davlat budjeti va 124 mln dollarlik kredit mablag‘lari evaziga jami 7 ming km ichimlik va 392 km oqova suv tarmoqlari tortildi, 1 207 ta ichimlik va 59 ta oqova suv inshooti qurildi.
Yig‘ilishda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan xalqaro tashkilotlarning vakillari ham ishtirok etmoqda.