Toshkent viloyati Bekobod tumani Zafar shaharchasida joylashgan ko‘p qavatli uylar yangicha qiyofa kasb etmoqda
Xabar berib kelayotganimizdek, Toshkent viloyati Bekobod tumani Zafar shaharchasida joylashgan ko'p qavatli uylar yangicha qiyofa kasb etmoqda.
Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vaziri o'rinbosari Ozoda Jo'rayeva boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi bundan bir necha kun avval mazkur hududdagi muammolarni o'rganib, uni bartaraf etish bo'yicha amaliy ishlarni boshlab yuborgan edi.
Hozirda mazkur shaharchada katta ishlar, xususan, ko'p qavatli uylarni mukammal va joriy ta'mirlash, atrof-hududlarni obodonlashtirish, e'tiborga muhtoj oilalarga ko'maklashish va shu bilan birgalikda aholining sohaga doir muammolarini bartaraf etish choralari ko'rilmoqda.
Bugun vazirlik Departamenti boshlig'i Obidjon Mo'minov mazkur jarayonlar bilan yaqindan tanishib, aholining fikri bilan qiziqdi. Aksariyat shahar aholisi bu o'zgarishlardan minnatdor ekanliklarini bildirib o'tdilar.
Shuningdek, fuqarolarning talablari asosida ularga yanada qo'shimcha qulayliklar yaratish, issiqlik va suv ta'minoti yo'nalishida mavjud muammolarni oldini olish, oqova suv tizimini yaxshilash, obodonlashtirish va dam olish obyektlarini ko'paytirish masalalari muhokama qilindi.
Ta'kidlanganidek, Zafar shaharchasi yaqin kunlarda mutlaqo yangicha ko'rinish va barcha qulayliklarga ega maskanga aylanadi.