UZ
RU
O'zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy
kommunal xo'jaligi vazirligi
Ishonch telefoni
1298
Elektron manzil
info@mc.uz
Sayt xaritasi
Vazirga murojaat

Yangiliklar

Toshkentda barqaror rivojlanishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya boshlandi

Toshkent arxitektura-qurilish universiteti tashabbusi bilan “Barqaror rivojlanish: arxitektura va shaharsozlik muammolari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boshlandi.

Tadbirni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Toir Alimatov ochib berdi. U o‘z nutqida konferensiya ishtirokchilarini vazirlik nomidan samimiy tabriklab, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi me’yorlar va texnologiyalar, shuningdek, shahar muhitini inson manfaatlari bilan uyg‘unlashtirish masalalariga to‘xtaldi.

— “Bugungi dunyoda arxitektura va shaharsozlik nafaqat iqtisodiy o‘sishning, balki jamiyat madaniy darajasi va hayot sifati ko‘rsatkichidir. Shu bois barqaror rivojlanish deganda biz faqat texnologik yangiliklarni emas, balki inson, jamiyat va madaniyat uyg‘unligini ham nazarda tutamiz,” — dedi T.Alimatov.

Uning so‘zlariga ko‘ra O‘zbekistonda so‘nggi yillarda qurilish va shaharsozlik sohasida jadal o‘zgarishlar ro‘y bermoqda: energiya tejamkor binolar, ekologik muvozanatga asoslangan loyihalar, zamonaviy infratuzilmalar va insonparvar shahar modellari yaratilmoqda. Shu jarayonda ilmiy jamoatchilik, davlat idoralari va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlik muhim o‘rin tutadi.

Konferensiyada xorijiy va mahalliy mutaxassislar barqaror shaharsozlik, milliy an’analarni saqlagan holda zamonaviy me’moriy yechimlarni qo‘llash, ilmiy ishlanmalarni amaliy loyihalarga tatbiq etish masalalarini muhokama qilmoqda.