Vazir o'rinbosari Ozoda Jo'rayeva ishtirokida tadbirkorlar va soha ekspertlari bilan bo'lib o'tgan muloqot konstruktiv va samimiy ruhda kechdi
Vazir o'rinbosari Ozoda Jo'rayeva ishtirokida tadbirkorlar va soha ekspertlari bilan bo'lib o'tgan muloqot konstruktiv va samimiy ruhda kechdi. Tadbir davomida ishtirokchilardan biri qurilishga ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish masalasida murojaat qilgan bo'lsa, loyiha tashkiloti vakillaridan biri "Shaffof qurilish" milliy axborot tizimidagi Reyting elektron platformasi borasida o'z fikr-mulohazalarini bildirdi. Har bir murojaat yuzasidan mas'ullar tegishliligi bo'yicha ko'rsatma va topshiriqlarni yozib olishdi.
Shuningdek, tadbirda onlayn tarzda ishtirok etayotgan jizzaxlik yoshlar tomonidan arxitektura va qurilish yo'nalishida "Yangi asr iste'dodlari" singari tanlovlarni yana jonlantirish masalasida taklif ilgari surildi. Bu o'z navbatida yosh quruvchi va arxitektorlarga sohani chuqurroq o'zlashtirishda stimul berishi ta'kidlandi.
"Shahrizoda obod qurilish" MChJ rahbari Do'stlik tumanida barpo etilayotgan "Yangi O'zbekiston" massividagi ayrim turar joy obyektlarini issiqlik tizimi ulanmagani sababli foydalanishga topshirishda muammo bo'layotganini ma'lum qildi. O'z navbatida mutasaddilar tomonidan markazlashgan issiqlik ta'minoti masalasini ijobiy hal qilishga allaqachon kirishilgani bildirildi.