Vazir o‘rinbosari T.Alimatov Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat safari doirasida bir qator obyektlarda o‘rganishlar olib bormoqda
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari T.Alimatov Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat safari doirasida bir qator obyektlarda o‘rganishlar olib bormoqda.
Bugun u Kegayli tumanida joylashgan 25-umumta’lim maktabi qurilish jarayonlari bilan tanishdi hamda soha mutasaddilari ishtirokida amaliy seminar o‘tkazdi.
Tashrif davomida T.Alimatov ta’lim muassasalarini qurish va rekonstruksiya qilishda eng muhim masala — qurilish sifati va xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etish ekanini ta’kidladi. Shuningdek, obyektlarda energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy issiqlik va elektr ta’minoti tizimlarini qo‘llash orqali binolarning ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytirish zarurligini qayd etdi.
Seminar davomida mutasaddilarga o‘quvchilar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish, sinf xonalari, sport zallari va sanitariya-gigiyena sharoitlarini zamonaviy talablarga moslashtirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, davlat rahbari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosi doirasida qurilish sohasida sifatli ta’lim infratuzilmasini shakllantirish mamlakat kelajagi — yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga yaratilayotgan sharoitlarning eng muhim ko‘rsatkichlaridan biridir. Shu bois har bir yangi maktab yoki bog‘cha obyekti, avvalo, o‘quvchi va o‘qituvchi uchun qulay, xavfsiz hamda zamonaviy talablar asosida loyihalanishi kerak.
Seminar yakunida soha vakillari tomonidan joylarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, ishlatilayotgan qurilish materiallari sifati, loyiha intizomi va mehnat xavfsizligi masalalarida amaliy choralar belgilab olindi.