Vazir o'rinbosari Termizdagi maktab quruvchilariga jiddiy e'tiroz bildirdi
Avval xabar berganimizdek, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari T.Alimatov boshchiligidagi ishchi guruhi Surxondaryo viloyatida bo‘lib, bir qator obyektlarda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Jumladan, Termiz shahrida barpo etilayotgan yangi ixtisoslashgan maktab-internat qurilish jarayonlari ko‘zdan kechirildi. Loyihaga ko‘ra ta’lim muassasasi tarkibida 504 o‘rinli o‘quv bloki, 222 o‘rinli yotoqxona hamda zamonaviy sport zali barpo etilishi rejalashtirilgan.
O‘rganish davomida vazir o‘rinbosari qurilish ishlarining borishiga nisbatan jiddiy e’tiroz bildirdi. Xususan, obyekt hududida tartib-intizom yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani, qurilish chiqindilari o‘z vaqtida tozalanmayotgani, ishchilarning xavfsizlik texnikasi qoidalariga amal qilmagani, himoya kaskalari va maxsus kiyimlardan foydalanilmayotgani qayd etildi. Shuningdek, ish jarayonlarining sur’ati pastligi va nazoratning sustligi tanqid qilindi.
T.Alimatov qurilish ishlarini jadallashtirish, ishchilar sonini ko‘paytirish, eng muhimi – sifatga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. U obyektni belgilangan muddatda, loyiha talablariga to‘liq mos holda foydalanishga topshirish vazifasini qo‘ydi.