Vazirlik mas’ullari Koreya markazlashgan issiqlik ta’minoti korporatsiyasi vakillari bilan uchrashdilar
Kuni kecha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mas’ullari Koreya markazlashgan issiqlik ta’minoti korporatsiyasi hamda KOTRA tashkilotlari vakillari bilan uchrashdilar.
Unda issiqlik ta’minoti sohasini takomillashtirish yo‘nalishida o‘zaro tajriba va bilimlar almashish masalalarining borishi muhokama qilindi.
Koreya issiqlik ta’minoti korporatsiyasi energiyani boshqarish bo‘yicha, xususan, markazlashgan issiqlik ta’minoti sohasida dunyoda yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Kompaniya tajribasi, texnologik yutuqlari va ilg‘or g‘oyalari jahon miqyosida alohida e’tirof etib kelinadi. Shu ma’noda mamlakatlar aro bilim almashish dasturi vazirlik va Koreya markazlashgan issiqlik ta’minoti korporatsiyasi o‘rtasida ochiq fikr hamda tajriba almashish uchun platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Ta’kidlash lozimki, 2024-yil vazirlik va Koreya markazlashgan issiqlik ta’minoti korporatsiyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolangan bo‘lib, KSP (Bilim almashish dasturi) doirasida tashkilotlar markazlashgan issiqlik ta’minoti sohasida tajriba va bilim almashish yo‘nalishida hamkorlik qilib kelmoqda.
Shuningdek, 2025-yil may-iyun oylarida KDHC tomonidan O‘zbekiston va Koreya respublikalarida “KSP - bilim almashish dasturi" doirasida Markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirishda: chiqindini yoqish orqali issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, normativ bazani takomillashtirish, "Yangi Toshkent" loyihasining energiya auditini o‘tkazish va respublikada situatsion markazini shakllantirish mavzusiga bag'ishlangan seminar-trening o‘tkazish rejalashtirilgan.
Trening doirasida hududlarga chiqish va Koreya Respublikasining biznes vakillari bilan issiqlik ta’minotiga investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha uchrashuvlar hamda vazirlikka korporatsiya xodimlarining maslahat xizmatlarini jalb qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkaziladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikda issiqlik ta’minotini to‘liq modernizatsiya qilish, yanada "yashil" barqaror kelajakni ta’minlash yo‘lida hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldilar.