“Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi ijtimoiy soha obyektlari ko‘zdan kechirildi
Chirchiq shahrining “Iftixor” MFY hududida bunyod etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida 6000 xonadondan iborat 100 ga yaqin uylar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, massivda 2,7 km uzunlikdagi ichimlik suvi tarmog‘i, 4,7 km uzunlikdagi oqava suv tarmoqlarini tortish ishlari hamda 1 ta qozonxona qurish ishlari amalga oshirilgan.
49 ga yer maydonida quriladigan 7 qavatdan 16 qavatgacha bo‘lgan turar-joy binolari qatori qurilish-montaj ishlari kechayotgan 250 qatnovli oilaviy poliklinika obyektida amalga oshirilayotgan ishlar ishchi guruh e'tiborida bo'ldi.
Ishchi guruh tomonidan Chirchiq shahrida barpo etilayotgan "Yangi O‘zbekiston" massividagi qurilish jarayonlari davom etayotgan poliklinikada quyidagi kamchiliklar aniqlandi:
— gidroizolyatsiya tizimida muammolar mavjud;
— yo'l qoplamalarini qoplashda loyiha hujjatlaridan chetga chiqish holatlari kuzatilgan, qoplamalar talabga javob bermaydi;
— plitalar montajida choklarning kerakli qorishmalar bilan to'ldirilmagani oqibatida oraliqlar chiqindilar bilan to'lib qolgan;
— obyektda qo'llanilgan gipsokarton mahsuloti ham talab darajasida emas. Loyihada nazarda tutilgan suvga chidamli gipsokartondan foydalanilmagan.
Aniqlangan shu singari qoidabuzarliklar yuzasidan obyektning buyurtmachisi, loyiha va pudrat tashkiloti vakillariga tegishli ko'rsatmalar berildi.
"Turar-joy komplekslari, ijtimoiy soha obyektlarida sifat nazoratining doimiy olib borilishi orqaligina aholining xavfsiz va qulay sharoitlarda istiqomat qilishiga zamin yaratiladi. Qo'llanilayotgan qurilish materiallaridan tortib, loyiha va qurilish jarayonlarida ShNQ hamda QMN talablarining bajarilishigacha bo'lgan barcha jarayonlarda mas'uliyatni chuqur his etmasak, ko'zlagan maqsadimizga erisholmaymiz. Hududda aniqlangan har bir qoidabuzarlikning bartaraf etilishi qat'iy nazorat ostida bo'ladi!", - deya ta'kidladi T.Alimatov.
Chirchiq shahridagi "Yangi O'zbekiston" massivida qurilayotgan ko'p qavatli turar-joy binolarini o'rganish jarayonida bir qancha kamchiliklar aniqlandi. Xususan, ko'p qavatli uyga quyosh kollektorlarini o'rnatishdagi e'tiborsizliklar, bino yerto'lasiga kirish qismining yopib tashlangani, buyurtmachi tomonidan texnik nazorat ishlari to'g'ri tashkil etilmaganligi, texnika va ishchi xodimlarning mehnat xavfsizligi talablari bajarilmayotgani, hududning qurilish va maishiy chiqindilardan tozalanmagani, turar-joy binosining ichki va tashqi pardozlash ishlari qoniqarsizligi kabi holatlar tanqid qilindi. Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish bo'yicha aniq muddat belgilanib, mas'ullarga zarur topshiriqlar berildi.
Toir Alimatov tomonidan majmuada bunyod etilayotgan har bir turar-joy va ijtimoiy soha obyektining belgilangan talablarga muvofiq qurilishi, obyektga keltirilayotgan qurilish materiallari va texnikalarining sifati, ularni loyihada nazarda tutilgan reglament asosida qo‘llash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.