Yunusobod tumani 13-mavzesida joylashgan qabriston ro‘parasida avtoturargoh o‘rnida olib borilayotgan qurilish bo‘yicha quyidagilar (MUNOSABAT)
Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi Yunusobod tumani 13-mavzesida joylashgan qabriston ro‘parasida avtoturargoh o‘rnida olib borilayotgan qurilish bo‘yicha quyidagilar ma’lum qilinadi:
Toshkent shahri hamda Yunusobod tumani hokimining tegishli qarorlariga asosan “CENTER MEDICAL GRAND” MChJga maktabgacha ta’lim muassasasi qurish uchun 0.4 ga yer maydoni ajratib berilgan.
Mazkur qarorga muvofiq 2018-yil 23-iyulda arxitektura rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqilgan hamda loyiha ishlarini davom ettirish uchun Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi guruhi tomonidan kelishib berilgan. Shu bilan birga O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan 2020-yil 14-maydagi 18870312/1-sonli Yunusobod tumani 13-mavze 68A-uy manzilida joylashgan maktabgacha ta’lim muassasasi binosini huquqiy hujjatga ega qismini pastki qavatida maktabgacha ta’lim muassasasi hamda o‘rta qavatida savdo hamda maishiy xizmat ko‘rsatish va ofis binolari bo‘lgan ko‘p qavatli turar-joy binosini ixtisoslashtirib, rekonstruksiya qilish uchun “CENTER MEDICAL GRAND” MChJga ruxsatnoma berilgan.
Shuningdek, Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 2022-yil 6-oktabrdagi bayoni bilan 2020-yil 14-maydagi ruxsatnoma bekor qilingan.
Jumladan, Toshkent tumanlararo Ma’muriy sudining 2022-yil 5-dekabrdagi qarori bilan bosh boshqarmaning 2022-yil 6-oktabrdagi bayoni haqiqiy emas deb topilgan. Mazkur sud qaroriga muvofiq 2020-yil 21-mayda Arxitektura rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqilgan hamda ushbu ARTga asosan loyiha hujjatlari “MEMORIAL ARCHITECTURAL PROJECT” MChJ tomonidan amalga oshirilgan. Shuningdek, hududiy yong‘inga qarshi nazorat xizmati hamda sanitariya-epidemiologiya xizmati bilan kelishilgan. Loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 2023-yil 21-yanvardagi xulosasi bilan loyiha ishlarini rasmiylashtirish va davom ettirish uchun kelishib berilgan.