UZ
RU
O'zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy
kommunal xo'jaligi vazirligi
Ishonch telefoni
1298
Elektron manzil
info@mc.uz
Sayt xaritasi

Yangiliklar

“2024-yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi BRIFING

 Xabaringiz  bor, shu yilning 30-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2024-yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi  Farmoni eʼlon qilindi. 

Mazkur hujjat mamlakatimizda uy-joy sohasidagi islohotlarni samarali tashkil etish, “Yangi Oʻzbekiston” massivlari va zamonaviy koʻp kvartirali uylar qurish koʻlamini kengaytirishni koʻzda tutishi bilan ahamiyatlidir. 

Xususan, ipoteka krediti bozorini yanada rivojlantirish hamda banklar tomonidan oʻz mablagʻlari hisobidan ajratilgan kreditlarni qayta moliyalashtirish mexanizmlarini amaliyotga  joriy qilishni nazarda tutadigan muhim Farmondir. 

Mazkur hujjat bilan joriy yilda hududlarda zamonaviy arxitektura koʻrinishiga ega 100 mingta kvartiradan iborat boʻlgan koʻp qavatli uy-joylar qurish maqsad qilingan.  Shuningdek, qurilish tashkilotlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularga bozor tamoyillari asosida ajratilgan kreditlar boʻyicha kompensatsiya va kafilliklar taqdim etilishi ham belgilab berilmoqda. Darvoqe, ipoteka kreditlarini moliyalashtirishga davlat budjeti, “Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” hamda banklarning oʻz mablagʻlari hisobidan kamida 17 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.



Yana bir jihat, kelgusi yil 1-yanvardan boshlab koʻp qavatli uy-joylar qurish jarayonlariga “yashil” uy-joy standartlari  keng joriy qilinadi. 

2024-yil 1-iyundan boshlab “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida Kambagʻallikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan shaxslarga yakka tartibdagi uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash uchun 120 million soʻmgacha ipoteka kreditlari ajratib beriladi. 

Shuningdek, “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida koʻp qavatli uy-joylar qurilishida ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarining aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun respublika budjetidan 500 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi. 

“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” tomonidan qurilish tashkilotlariga Toshkent shahrida – 9 va undan yuqori, boshqa shaharlarda – 7 va undan yuqori, qishloq joylarda esa  5 va undan yuqori qavatli uy-joylar qurish uchun ajratilgan milliy valyutadagi kreditlar boʻyicha 24 oydan koʻp boʻlmagan muddatga “1+1” tamoyili asosida hududlarning toifasidan kelib chiqib kafillik va kompensatsiyalar taqdim etiladi.

2025-yil 1-yanvardan boshlab qurilish tashkilotlariga “yashil” uy-joy standartlari talablari asosida koʻp kvartirali uy-joylarni qurish uchun Markaziy bankning asosiy stavkasidan bir foiz bandga yuqori stavkada kreditlar ajratiladi. 

2024-yil 1-maydan boshlab  esa birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishda ipoteka predmetini sugʻurta xavflaridan sugʻurta qilish talabi bekor qilinadi.

“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi elektron reyting bahosi “C” boʻlgan tashkilotlarga besh qavatdan yuqori boʻlmagan, “CC” boʻlgan tashkilotlarga esa toʻqqiz qavatdan yuqori boʻlmagan uy-joylarni qurishga ruxsat beriladi.

Darvoqe, aholining pul mablagʻlarini uy-joylar qurishga jalb qilish tartibini takomillashtirish maqsadida normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqilib, yangi tizim amaliyotga joriy etiladi. Bunda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida uy-joylar qurishga jismoniy va yuridik shaxslarning pul mablagʻlarini jalb qiluvchi pudrat tashkilotlarining elektron roʻyxatini yuritish maqsad qilingan. Xususan, elektron roʻyxatdan oʻtmasdan ulush kiritish asosida koʻp qavatli uy-joylar qurishni boshlagan pudrat tashkilotlariga nisbatan javobgarlik choralarini belgilash, ulush kiritish asosida uy-joylar qurilishini monitoring qilish tartibini belgilash ham koʻzda tutilmoqda. Unda ulush kiritish asosida koʻp qavatli uy-joylarni qurishda ishtirok etish toʻgʻrisidagi shartnomalarni majburiy ravishda notarial tasdiqlash tartibini joriy qilish ham belgilab qoʻyilmoqda.