UZ
RU
O'zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy
kommunal xo'jaligi vazirligi
Ishonch telefoni
1298
Elektron manzil
info@mc.uz
Sayt xaritasi

Yangiliklar

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining Yevropa va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mintaqaviy byurosi delegatsiya bilan uchrashuv

Dunyo miqyosida sanoatning keng rivojlanayotgani, aholi sonining  ortib borayotgani, iqtisodiyotning jadal o‘sish sur’atlari energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyoj va talabning ortishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bilan bir qatorda insoniyat oldida atrof-muhitni asrash, tabiiy resurslardan samarali foydalanish, ekologiyani saqlash va kelajak avlodga toza muhitni yetkazish kabi muhim masalalar turganini ham alohida ta’kidlash lozim. 

Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov, Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori Sherzod Sodiqov hamda boshqa mutasaddilar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining Yevropa va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mintaqaviy byurosi vakili Yana Kopernich boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdilar. 

Unda BMTTD, Global Ekologik Fondi va Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 2017-2023-yillarga mo‘ljallangan “O‘zbekistonda energiya samarador qishloq turar-joy binolari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish” qo‘shma loyihasi yuzasidan fikr va mulohazalar almashildi.

Qo‘shma loyihada qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, shuningdek, ijtimoiy, savdo va ma’muriy binolar bilan bir qatorda turar-joy sektorida ham energiya samaradorligini oshirish nazarda tutilgan. 

Sherzod Hidoyatov dastlab mamlakatimizning ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami istiqomat qiluvchi ko‘p kvartirali uylarning energosamaradorligini ta’minlash, ularga zamonaviy yondashuvlar asosida qulaylik yaratish lozimligi haqida fikr bildirdi. 

- Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda “Yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohalarga jalb etish yo‘nalishida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, qurilish va kommunal sohalarda ham energiya tejovchi, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish yuzasidan bir qator loyihalar olib borilmoqda. Yana bir muhim yo‘nalishimiz, mavjud turar-joy binolarida energosamaradorlikni ta’minlash. Ayniqsa, kontingent va iqlim sharoitlaridan kelib chiqib dastavval chekka hududlarda renovatsiya-restavratsiya loyihalarini  amalga oshirish maqsadga muvofiq,- dedi Sh.Hidoyatov. 

O‘z o‘rnida BMTTD, Global Ekologik Fondi vakili ham ushbu fikrni qo‘llab-quvvatlashi, bu borada hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi. 

Uchrashuv yakunida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining kelgusida amalga oshiradigan loyihalari va ularda vazirlik ishtiroki yuzasidan fikr almashildi.