Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Enegetika vazirligi vakillari xizmat safari bilan Fransiya Respublikasida bo‘lib turishibdi
Ayni damda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Enegetika vazirligi vakillari xizmat safari bilan Fransiya Respublikasida bo‘lib turishibdi.
Tashrifning birinchi kunida delegatsiya a'zolari Fransiya Energiyani tartibga solish tashkiloti (CRE)ga tashrif buyurishdi.
Uchrashuvda tashkilotning istiqbollar va innovatsiyalar bo‘yicha direktori Didiyer Lafaille tomonidan energiya ta’minoti tizimlarini va tariflarni tartibga solish, binolarda energiyani boshqarish, yashil energiyaga o‘tish, yo‘nalishning istiqbolli tahlili va sohadagi innovatsiyalar, shuningdek, binolarda energiya samaradorlikka erishish bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, Fransiyada binolarning energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar, ishlab chiqilgan innovatsion uslublar hamda istiqbolli rejalar bilan tanishtirildi.
Ma'lumot uchun, Fransiyaning Energiyani tartibga solish tashkiloti (CRE) mamlakatda elektr va gaz bozorlarining to‘g‘ri ishlashi uchun mas'ul bo‘lgan mustaqil ma'muriy organ hisoblanadi.
Xizmat safari doirasida delegatsiya a'zolari shuningdek, Fransiyaning Ekologik o‘tish va hududiy uyg‘unlik vazirligida ham bo'lishdi.
Vazirlikning asosiy vazifalaridan biri – shaharsozlik, qurilish, landshaftlar, biologik xilma-hillik, suv va noenergetik foydali qazilmalar bo‘yicha siyosatni ishlab chiqish, boshqarish va baholashdan iborat.
Tashkilotning iqlim va energiya bo‘yicha mas'uli Régis Meer tomonidan Fransiyada uy-joy fondi haqida atroflicha ma’lumot berildi hamda ushbu sektorda energiya samaradorlikni oshirish yuzasidan olib borilayotgan siyosat, hukumat tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar tanishtirdi. Shu bilan birga uy-joylarda energiya samaradorlikni ta’minlash, bunda aholining ishtiroki hamda savodxonligini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar va moliyaviy mexanizmlar xususida to'xtalindi.
Xalqaro uchrashuv davomida uy-joylar samaradorligini baholash tizimi hamda binolarni qurish va ulardan foydalanish davrida issiqxona gazlarining chiqarilish darajasini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, energiya samaradorlikka erishish bo‘yicha Fransiya hukumati tarafidan belgilangan istiqbolli rejalar haqida ma’lumot berildi.
Mazkur uchrashuvlarda guruh vakillari bugungi kundagi dolzab masalalar va belgilangan rejalarga erishish bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan fikr almashdilar.