Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Xitoy Xalq Respublikasining Sanmenxia Luqiao Construction Group Co., Ltd. kompaniyasi ijrochi direktori boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Toir Alimatov Xitoy Xalq Respublikasining Sanmenxia Luqiao Construction Group Co., Ltd. kompaniyasi ijrochi direktori Chjan Syuan Xao boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Mazkur kompaniya Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus shahrida yirik uy-joy kompleksini qurishni rejalashtirmoqda. Bugungi kunda ushbu loyiha uchun investitsiya kiritish sharti bilan yer maydoni ajratilishi belgilangan boʻlib, hududda majmua qurilishi loyihasini ishlab chiqish boʻyicha xitoylik mutaxassislar tomonidan oʻrganish ishlari olib borilmoqda.
Uchrashuvda vazir oʻrinbosari T.Alimatov qurilish loyihalarini amalga oshirishda eʼtibor berilishi zarur boʻlgan masalalar yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.
Xususan, qurilish jarayonida sifat, texnika va mehnat xavfsizligiga amal qilish, energosamarador loyihalarni amalga oshirish yuzasidan Oʻzbekistondagi talablar va tajriba yuzasidan fikr almashildi.
Xitoyliklar ushbu loyihani ishlab chiqishda yashil hududga katta eʼtibor berilayotganligini alohida ta'kidlashdi. Uchrashuv davomida mehmonlar tomonidan loyihani boshlash va amalga oshirish yuzasidan berilgan barcha savollarga vazirlik mutaxassislari tomonidan atroflicha javoblar berildi.
Qizg‘in muhokamalarga boy o‘tgan uchrashuvda tomonlar kelgusida rejalashtirilayotgan hamkorlik loyihalari va uning imkoniyatlari xususida fikr almashdilar.