• Ishonch telefoni/Телефон доверия: 1298
info@mc.uz
QURILISH SOHASIDA LITSENZIYALASHTIRISH

JARAYON

Fev 20, 2023 Posted by: tested Fotolavhalar Yangiliklar

🏘 Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazir oʻrinbosari Ozoda Joʻrayeva, Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Bekmurod Abdullayev hamda Toshkent shahar prokurori oʻrinbosari Habibulla Mirsoatov poytaxtimizda joylashgan koʻp qavatli uylarga xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish, bunda boshqaruv servis kompaniyalarining oʻrni hamda aholi murojaatlari bilan samarali ishlash tizimini tashkil etish boʻyicha yigʻilish oʻtkazdilar. Yigʻilishda aholining debitor qarzdorligini soʻndirish imkoniyatlari, xalqni rozi qilish hamda ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish masalalari koʻrib chiqildi. Tegishli mas’ullarga sohani yaxshilashga doir bir necha zarur vazifalar belgilandi.

📝 Shundan soʻng mutasaddilar, xususan, vazir oʻrinbosari Ozoda Joʻrayeva, Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimi Botir Moʻminov, Toshkent shahar IIB boshligʻi oʻrinbosari Ravshan Sultonxoʻjayev va boshqalar poytaxtimizning Chilonzor tumanida joylashgan koʻp qavatli uylar holatini oʻrgandilar. Unda boshqaruv tashkilotlarining faoliyati, koʻp qavatli uylarni ta’mirlash-tiklash yuzasidan amalga oshirgan ishlari, tun-u kun faoliyat yurituvchi dispetcherlik xizmati bilan ta’minlanganligi yuzasidan hisoboti tinglandi. Shuningdek, majburiy badal toʻlovlari tushumi miqdori hamda tashkilotlarning Savdo-sanoat palatasi bilan bogʻlanganligi boʻyicha ma’lumotlari koʻrib chiqildi.

✔️Ozoda Joʻrayeva koʻp qavatli uylar atrofini obodonlashtirishga alohida e’tibor qaratish lozimligini bildirdi. Shuningdek, davlat rahbari tomonidan berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda aholiga samarali xizmat koʻrsatish kerakligi ta’kidlandi.
Koʻp qavatli uylarga xizmat koʻrsatish sohasiga alohida e’tibor qaratilayotgani hech kimga sir emas. Anomal sovuq kunlarda koʻzga tashlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida koʻp qavatli uylarning ichki tizimlarini yangilash uchun davlat byudjetidan 200 mlrd soʻm ajratildi. Bugungi kunda qator tumanlarda ishlar boshlab yuborilgan, – dedi vazir oʻrinbosari.

Mutasaddilar boshqaruv tashkilotlarining faoliyat samaradorligini oshirishda qanday muammolarga duch kelayotganlari bilan qiziqib, amaliy yordamga doim tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Jumladan, aholi bilan suhbatda boʻlib, ularning murojaat va takliflarini qabul qildilar. Mas’ullarga aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.