✍️ Ayni daqiqalarda AOKAda “Joriy yil 1-yanvardan boshlab yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan bino-inshootlar uchun qoʻyiladigan talablar” mavzusida brifing bo‘lib o‘tmoqda.
2023-yil 1-yanvardan boshlab yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan bino-inshootlar uchun qo’yiladigan talablar
☯️ Joriy yilning 1-yanvaridan boshlab yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan barcha shu jumladan, taʼlim muassasalari, sogʻliqni saqlash, madaniyat, turizm, umumiy ovqatlanish, xizmat koʻrsatish obyektlari, sport inshootlari, lokal isitish issiqlik tizimiga ulanadigan koʻp xonadonli uy-joylar, shuningdek, “Yangi Oʻzbekiston” massivlari, barcha savdo-koʻngilochar markazlarini loyihalashtirish va ishga tushirishda issiq suv isteʼmoli hajmining kamida 25 foizi ushbu obyektlarda oʻrnatiladigan quyosh suv isitish qurilmalari orqali qoplanishi talab etiladi.
🫥 Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish koʻzda tutilmagan obyektlar boʻyicha loyiha hujjatlari ekspertizadan oʻtkazilmaydi va qurilish ishlarini boshlashga ruxsat berilmaydi.
Shuningdek, joriy yilning 16-yanvaridan eʼtiboran Shaharsozlik norma va qoidalarining majburiy harakterga oʻtkazilgan ayrim talablari bilan tanishtirib oʻtamiz.
Endilikda barcha turdagi jamoat binolari va 3 qavatdan yuqori boʻlgan turar-joy binolari vestibyullari, yoʻlak, zinalari, lift oldi maydonchalari va bino atrofini yoritishda harakat sezuvchi qurilmalarni qoʻllash zarurligi belgilangan. Bu yoritishga sarflanadigan elektr energiyasini 30-50 foizgacha kamaytiradi.
Shuningdek, xonadagi radiatorlarga:
– haroratni boshqaruvchi termostatlar oʻrnatilishi;
– radiatorda toʻplanib qolgan havoni chiqarib yuboruvchi ventillar boʻlishi talab etiladi.
Bundan tashqari koʻp xonadonli uylarning tashqaridan kirish eshiklari ichki tomonidan issiqlik izolyatsiyalangan boʻlishini hamda germetik-berk yopilishini taʼminlash kerak.
Ushbu uylarning kirish yoʻlaklaridagi eshiklariga oʻzi yopiluvchi mexanizmlar yaʼni dovodchiklar hamda berk yopilishini taʼminlovchi germetik vositalarni oʻrnatish orqali binodagi issiqlik manbaini saqlab qolishga erishish mumkin.
Shuningdek, kirish yoʻlaklaridagi derazalarni energiya samaradorlariga almashtirish ham eʼtibordan chetda qoldirilmaydi.
🟥 Shaharsozlik norma va qoidalarining “Qurilish issiqlik texnikasi” talablariga muvofiq, bino devorlarida issiqlik izolyatsion materiallarni uning tashqarisidan joylashtirish kerak.
Bunda samarali issiqlik izolyatsion materiallaridan, masalan, bazalt plitalaridan foydalanish talab etiladi.
Xonalarning pol qismida issiqlik va tovush izolyatsiyasini taʼminlashda yuk taʼsirida siqilmaydigan, standart talablariga mos keladigan, qattiq izolyatsion materiallar, masalan, ekstruziyalangan koʻpik polistirol ishlatilishi kerak.
Binolarga tashqaridan kirishda uzunligi 1,2 metrdan kam boʻlmagan, nogironlar uylarida esa uzunligi 1,6 metr, eni 2,2 metrdan kam boʻlmagan tamburlar qilishga yoʻl qoʻyiladi.
Shu bilan birga binolarda:
– quvvati boshqariladigan, shu jumladan, avtomatik ravishda isitish, shamollatish va mo’tadillashtirish tizimlarini qoʻllash;
– energiya samaradorligi yuqori boʻlgan isitish-shamollatish va sovutish uskunalarini qoʻllash;
– mo’tadillashtirish uchun tabiiy sovuqlik manbalaridan foydalanish;
– iqtisodiy jihatdan samarador ikkilamchi va qayta tiklanuvchi energiya resurslaridan foydalanish normativ talablarda keltirib oʻtilgan.