Prezident Shavkat Mirziyoyev 11 fevral kuni Samarqandning turizm salohiyatini, shu jumladan ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar bilan tanishdi.
Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur taqdimot chog‘ida islom olamidagi eng muqaddas qadamjolardan biri – Imom Buxoriy majmuasi va uning atrofida amalga oshiriladigan qurilish-bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari haqida ma’lumot berildi. Davlatimiz rahbari ushbu ziyoratgohda olib borilishi rejalashtirilgan loyiha bo‘yicha yana bir bor o‘z tavsiyalarini bildirib, mutasaddilarga zarur topshiriqlar berdi.
13 fevral kuni Imom Buxoriy majmuasida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi, mutasaddi vazirlik va idoralar mas’ullari, Samarqand viloyati jamoatchiligi vakillari va oqsoqollar ishtirokida loyihani amalga oshirish oldidan tadbir o‘tkazildi va loyiha yuzasidan jamoatchilikka batafsil ma’lumot berildi.
🕌 Majmuadagi qurilish-obodonlashtirish ishlari jarayonida Imom Buxoriy maqbarasi hozirgi ko‘rinishi saqlangan holda rekonstruksiya qilinadi. Shu paytgacha maqbara ostidagi qabrni ziyorat qilish uchun yetarli sharoit mavjud emas edi. Yangi loyihada qabr atrofini kengaytirib ziyoratchilar uchun har tomonlama qulaylik yaratish ko‘zda tutilgan.
🏗Jumladan, sakkiz ming o‘rinli muhtasham masjid quriladi. Majmua atrofida to‘rtta ulkan minora qad rostlaydi. Xalqimizga xos turmush tarzidan kelib chiqib, hozirgi ayvonlarga qo‘shimcha ravishda ichki va tashqi ayvonlar barpo etiladi. Mahalliy va xorijlik ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy mehmonxonalar, xalqaro andozalarga to‘la mos keladigan maishiy xizmat va sanitariya-gigiyena shaxobchalari quriladi.
Yana bir e’tiborli tomoni, majmuada qurilish va bunyodkorlik ishlari jarayonida bu yerdagi tarixiy buloq hamda bir necha yuz yillik chinor daraxtlariga ziyon yetkazilmaydi. Ularni asrab-avaylash, o‘z holida saqlash uchun barcha zarur choralar ko‘riladi.