“ORZULAR SHAHRI” MCHJ tomonidan Zarafshon shahar 13-kichik tumani hududidan 3 ta 7 qavatli turar-joy binolari qurilishi Navoiy viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyadan 2018-yil 27-noyabrda ro’yxatdan oʻtkazilgan.
Shundan 1 ta 7 qavatli turar joy binosi 2022-yil noyabr oyida foydalanishga topshirilgan boʻlib, mazkur turar joy uchun loyihada koʻrsatilgan lift qurilmalari oʻrnatilgan tartibda montaj qilinib, turar joyda istiqomat qiluvchilar tomonidan foydalanib kelinmoqda. Qolgan 2 ta turar-joy binolarida qurilish-montaj ishlari davom etmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda koʻrsatilgan holat aynan shu foydalanishga topshirilmagan obyektlarda kuzatilgani maʼlum boʻldi.
Murojaatda koʻrsatilgan koʻp qavatli turar joy binosida qurilish-montaj ishlari yakunlanmagan va bugungi kunda foydalanishga topshirilmagan boʻlishiga qaramasdan qurilish tashkiloti tomonidan aholi uchun foydalanishga imkoniyat yaratib berilgan.
Aslida 2022-yil oktabr oyida turar-joy obyektlarining holatini oʻrganish davomida foydalanishga qabul qilish hujjatlari rasmiylashtirilmasdan aholi vakillari istiqomat qilib kelayotganligi holatlari aniqlangan, shu jumladan, “ORZULAR SHAHRI” MCHJ tomonidan qurilayotgan turar-joy binosida ham bu holga duch kelingan. Mazkur holat boʻyicha 2022-yil 18-oktabr kuni Zarafshon shahar hokimligi va koʻp qavatli turar-joy buyurtmachi tashkilotlariga ushbu uy-joylarning konstruktiv mustahkamligi, barqarorligi va ishonchliligi, binolardan foydalanish davrida yongʻin xavfsizligi, aholi salomatligi va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmagani ma’lum qilingan. Shuningdek , 7 va undan yuqori qavatli uylarda montaj qilingan lift uskunalari maxsus tashkilotlar orqali sinovdan oʻtkazilmagan va ijobiy xulosa olinmagan. Kommunikatsiya tarmoqlarining maʼlum muddatlardagi sinovdan oʻtkazilgan hamda hech qanday avariya holati qayd etilmagan dalolatnomalari rasmiylashtirilmasdan turar-joy obyektlarida aholining yashab kelishi inson salomatligi va hayoti bilan bogʻliq salbiy oqibatlarning kelib chiqishiga olib kelishi mumkinligi toʻgʻrisida ogohlantirilgan.
Xususan, yuqoridagi holatning oldini olish maqsadida 2023-yil 16-mart kuni xat orqali barcha tuman va shahar hokimliklariga qayta murojaat qilingan.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, hududiy nazorat isnpeksiyasi tomonidan bugungi kunga qadar ushbu obyektda 46 marta monitoring ishlari olib borilgan boʻlib, aniqlangan 41ta qoidabuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha qurilish ishtirokchilariga bajarilishi majburiy boʻlgan jami 18 ta yozma koʻrsatma berilgan. Tashkilot masʼul xodimlariga nisbatan inspeksiya tomonidan jami 5 marotaba Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 99-moddasiga asosan maʼmuriy choralar koʻrilgan.