🔴 Toshkent viloyati Chirchiq shahri “Shodlik” MFY hududida bunyod etilayotgan 9 qavatli turar-joy binosida olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari soha mutaxassislari nigohida:
🗣Arxitektura va shaharsozlikni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Jahongir Anvarov: “Mazkur obyektni loyihalash jarayonida bir qancha kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani aniqlandi. Loyihalashda koʻp qavatli uylarni joylashtirishda oraliq masofalar yetarli darajada saqlanmagan, shuningdek, koʻp qavatli turar-joy binolari uchun avtoturargohlar, bolalar maydonchalari va yashil hudud ham belgilangan normalarga asosan nazarda tutilmagan. Ushbu obyektning loyihaoldi va loyiha hujjatlari ishchi guruh tomonidan oʻrganilishi belgilab olindi”.
🫥“Qishloqqurilishloyiha” loyiha-qidiruv instituti bosh konstruktori Sherzod Odilov: “Obyektda tashqi suv va namdan himoya qatlamlari belgilangan normativ talablar asosida olib borilmayapti. Namdan himoya qatlamlari bajarilmasdan turib, binoning poydevor qismi chegarasida grunt qatlami bilan oldindan koʻmilgani aniqlandi. Shuningdek, oʻrganilgan ikkinchi temir-beton rama konstruksiyali bino ishchi armaturalarining zoʻriqish hosil boʻladigan joylarida armatura ulanishlarini kuzatdik. Bu ham qurilish normalariga zid holat sanaladi. Mavjud rigellarni beton ishlari bajarilmasdan turib loyihaga asosan qayta montaj qilish talab etiladi. Shuningdek, mazkur loyihalarning aynan ana shu hududga tegishliligi boʻyicha joyiga bogʻlash ishlari rasmiylashtirilmagan. Loyiha bosh muhandisi, bosh arxitektori, bir soʻz bilan obyektga masʼul vakillarning mavjud javobgarligini tasdiqlaydigan hujjatlar bizga taqdim etilmagani sababli qurilish uchastkasining oʻzida vizual tarzda oʻrganish ishlarini olib borishga toʻgʻri keldi”.
✅“OʻzGASHKLITI” ilmiy-tadqiqot instituti bosh mutaxassisi Bahodir Sultonqulov: “Loyihadan avval muhandislik-geologik ishlari bajarilgan. Yaʼni, poydevor zamini tuproqlarining tarkibi va xususiyatlari xususida xulosa berilgan va shu asosida loyiha amalga oshirilgan. Ammo katlovanlarning oʻlchamlari belgilangan normalarga mos emas. Jumladan, qurilish jarayonida yogʻingarchilik payti suvning katlovanga tushish holatlari nazarda tutilmagani maʼlum boʻldi”.
Toshkent viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi birinchi oʻrinbosari Otabek Tillaxoʻjayev: “Toshkent viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan mazkur obyektda olib borilgan monitoring ishlari davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan 4 ta koʻrsatma berilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-sonli qaroriga zid ravishda xabarnoma yubormay, qurilish-montaj ishlarini boshlagani uchun MJtKning 99-moddasi 7-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarimaga tortilgan. Oʻrganish jarayonida Toshkent viloyati qurilish bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlab berilgan Shaharsozlik bayonnomasida oraliq masofalar saqlanmagan holda tasdiqlab berilgani maʼlum boʻldi.
Aniqlanganlardan kelib chiqib, qurilish-montaj ishlarini toʻxtatish yuzasidan koʻrsatma berildi”.