Mamlakatimizda koʻp kvartirali uylarning markazlashgan issiqlik taʻminoti tizimini rivojlantirish, energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish va energiya samaradorligini oshirish maqsadida qozonxona, issiqlik tarmoqlarida modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, yangidan qurish ishlari davom etmoqda.
Mazkur jarayonga xorijiy investitsiya mablagʻlarini jalb etish, shu bilan birga tizimni jahon standartlari asosida shakllantirish masalalari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
✔️ Joriy yilning 27-28-aprel kunlari poytaxtimizda mamlakatimiz xalqaro aloqalarining mustahkamlanishi va hamkorlik geografiyasini kengaytirishga xizmat qiluvchi ikkinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi mazkur yoʻnalishdagi yana bir muhim islohot ibtidosiga zamin hozirladi.
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Saudiya Arabistoni Qirolligining “Movax” kompaniyasi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida yangi loyihani amalga oshirish boʻyicha anglashuv memorandumi imzolandi.
Loyihaning maqsadi – Urganch shahri aholisining issiqlik taʼminotini yaxshilash, hududga energotejamkor texnologiyalarni keng tadbiq etishdan iborat. Loyihaning baholash hujjati va konsepsiyasi 2023-2024-yillarda ishlab chiqilishi maʼlum qilindi. Shuningdek, loyiha quvvati 40 MVtni tashkil etishi kutilmoqda.