1-oktabr ”Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirining soha vakillariga bayram tabrigi
Taʼlim-tarbiya sohasida mehnat qilayotgan barcha pedagog xodimlarni, shu jumladan, qurilish sohasiga ixtisoslashgan oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassalalari xodimlarini, professor oʻqituvchilarni, fidoyi quruvchi va murabbiylarni ushbu qutlugʻ bayram bilan chin qalbimdan tabriklab, eng ezgu tilaklarimni izhor etaman. Bugungi kunda qurilish sohasidagi ikkita asosiy oliy taʼlim muassasasi — Toshkent va Samarqand arxitektura-qurilish institutlari faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda. Toshkent hamda Samarqanddagi arxitektura-qurilish institutlarining oʻquv dasturlari isloh qilinadi. Xususan, davlatimiz rahbarining topshirigʻi asosida taʼlim sifatini xalqaro darajaga olib chiqish boʻyicha barcha chora-tadbirlar amalga oshiriladi, oʻquv dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkaziladi. Yangi fakultetlar tashkil etiladi. Taʼlim va ishlab chiqarish uygʻunlashtirilib, ilmiy faoliyat takomillashtiriladi. Oʻqituvchilarning malaka talablari va bitiruvchilarning kompetensiyalari oshiriladi. Ushbu institutlarga xorijiy tajribaga ega malakali mutaxassislar jalb etiladi.
Mahalliy professor-oʻqituvchilar chet elga ilmiy stajirovkaga yuboriladi. Ilgʻor muhandislik bilimlari asosida ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlaydigan Oliy ilm-fan maktabi tashkil etiladi. Kuzatuv kengashi, Boshqaruv kengashi, Universitet kengashi, Maslahat kengashi, Universitetlar huzurida Texnopark, Inkubatsiya markazi, “Yosh arxitektor va muhandislar markazi”, “Texnologiyalar transferi ofisi” hamda Ilmiy tadqiqotlar markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Universitetda Oliy ilm-fan maktabi (magistratura, doktorantura va ilmiy darajalar beruvchi kengashlar) faoliyati xorijiy tajriba asosida tashkil qilinadi. Ularning akademik, tashkiliy-boshqaruv va moliyaviy sohalarida mustaqilligi taʼminlanadi. 2023-2024-oʻquv yilidan boshlab, universitetlarga kirish imtihonlari xalqaro standartlarga asoslangan holda, yilida ikki marta oʻtkaziladi. Yana oʻsha oʻquv yilidan eʼtiboran “Raqamli Universitet” tizimini bosqichma-bosqich joriy etishga kirishiladi.
Ayni paytda vazirlik tarkibida 12 ta texnikum va 2 ta kollej faoliyat olib borayotganligini hisobga olsak, bu boradagi ishlarni yanada kuchaytirishni davrning oʻzi ham taqozo etayotganligi oydinlashadi. Oʻtgan oʻquv yillari davomida professional taʼlim muassasalarida 25 ta kasb va mutaxassislik boʻyicha minglab yoshlar oʻqishni tamomlab, qurilishning turli yoʻnalishlarida mutaxassis-kadrlar boʻlib shakllandilar. Vazirlik tarkibidagi texnikumlar huzurida tashkil etilgan qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha 9 ta markazning faoliyat olib borayotgani va ularning har birida mavsum davomida 16 ta kasb boʻyicha 300 nafar ishsizlarni kasbga tayyorlash imkonining yaratilgani eʼtiborga molik.
Tabiiyki mazkur jarayonlarda siz va siz kabi jonkuyar aziz oʻqituvchi murabbiylarning oʻrni va ahamiyati nihoyatda cheksiz. Sizga bu yoʻlda omad va zafarlar tilayman! Xonadoningizdan fayz-u baraka arimasin. Doimo mehnatingiz samarasini koʻrib yuring!
Hurmat bilan
Oʻzbekiston Respublikasi
Qurilish vaziri Botir Zakirov