• Ishonch telefoni/Телефон доверия: 1298
info@mc.uz
QURILISH SOHASIDA LITSENZIYALASHTIRISH

HOKIM YORDAMCHILARIGA BUNYODKORLAR KOʻMAK BERMOQDA

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi > Yangiliklar > Yangiliklar > HOKIM YORDAMCHILARIGA BUNYODKORLAR KOʻMAK BERMOQDA
Yanvar 20, 2022 Posted by: tested Yangiliklar

Mamlakatimizda “mahallabay” ishlashning yangi tizimi joriy etildi. Yanvar oyidan respublika boʻyicha 9 ming 309 nafar hokim yordamchilari ish boshladi.

Hokim yordamchilari, avvalo, sharoiti ogʻir oilalarni oʻqitish, imtiyozli kredit, subsidiyalar ajratishga koʻmaklashish masalalari bilan shugʻullanadi. Ushbu lavozim egalari aholi bilan har kuni ishlab, odamlarga davlat tomonidan yaratilgan moliyaviy imkoniyatlarni yetkazishi, tadbirkorlikka va dehqonchilikka oʻrgatish orqali ularni kambagʻallikdan chiqarishi lozim. Bu maqsadlar uchun joriy yilda 10 trillion soʻm imtiyozli kredit va 2,5 trillion soʻm subsidiya ajratiladi.

– Videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalar bizning zimmamizga ham katta masʼuliyat yuklaydi, – deydi Namangan viloyat Qurilish bosh boshqarmasi boshligʻi Dilshodbek Niyozov. – Chunki tadbirkorlik qilish bilan shugʻullanish istagidagi har bir kishiga yer maydoni ajratish kerak. Qurilish qilish uchun loyiha-smeta hujjatlari kerak boʻladi. Ularga pudratchi tashkilotni ham roʻpara qilish kerak. Bu borada boshqarmamiz tizimidagi qurilish boʻlimlari hokim yordamchilariga koʻmak berishlari lozim. Mazkur yoʻnalishda dastlabki ishlarni boshladik-deydi viloyat qurilish sohasi mutasaddilari.

Qisqa muddatda shahar va tuman qurilish boʻlimlarining rahbarlari oʻz hududlaridagi hokim yordamchilari bilan bogʻlandilar. Ularning sektor tizimidagi roʻyxatlari shakllantirildi. Telefon raqamlari ham yozib olindi. Bunga Chortoq, Kosonsoy, Chust tumanlarida masʼuliyat bilan yondoshilganini qayd etish lozim.

Uchqoʻrgʻon tuman qurilish boʻlimi boshligʻi Ergashboy Karimovning aytishicha, hokim yordamchilari bilan hamkorlik jadal davom etmoqda. Birinchilardan boʻlib “Istiqlol” mahallasidan Ulugʻbek Ubaydullayev murojaat qildi. Uning taklifi inobatga olinib, tadbirkorlik subyekti uchun bino qurishga maydon tanlash ishlariga kirishildi.