Bugun Toshkent shahar hokimligi binosida Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Ozoda Joʻrayeva, Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Bekmurod Abdullayev, Toshkent shahar prokurori oʻrinbosari Habibulla Mirsoatov boshchiligida uy-joy fondiga xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish boʻyicha Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi. Unda koʻp xonadonli uylarga xizmat koʻrsatuvchi boshqaruv tashkilotlarining soʻnggi oylardagi faoliyati chuqur tahlil qilindi.
Mutasaddilar sohani takomillashtirish boʻyicha ishchi guruh tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar hisoboti bilan tanishdilar. Shuningdek, yechimini kutayotgan muammolar, aholi kayfiyatiga salbiy ta’sir oʻtkazayotgan kamchiliklar muhokama qilindi.
– Boshqaruv tashkilotlarining eng asosiy vazifasi aholiga qulay sharoit yaratish. Mulkdorlarning kayfiyatiga ta’sir etadigan har qanday holat vaqtida bartaraf etilishi shart. Buning uchun boshqaruv tashkilotlarining ishchi xodimlari va zarur texnikalari tun-u kun shay holda turishi lozim. Toki fuqarolarimiz muammolari bilan sarson boʻlib, boshqa joydan mutaxassis qidirmasin, – dedi Ozoda Joʻrayeva.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan sohaga doir oʻzgarish va qoʻshimchalar yuzasidan yigʻilganlarning fikr va mulohazalari tinglanib, inson qadrining ustunligi har jabhada namoyon boʻlayotganligi alohida e’tirof etildi.
Yigʻilish yakunida tegishli mas’ullarga boshqaruv tashkilotlari faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha topshiriq va vazifalar berildi.