↪️ Qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi vaziri o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva poytaxtimizning Uchtepa tumanida bo’lib, ko’p qavatli uylarning yerto’la qismida amalga oshirilayotgan ta’mirlash ishlari bilan tanishdi. Xabar berib kelayotganimizdek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yil 2 000 ga yaqin og’ir toifadagi ko’p qavatli uylarning ichki muhandislik tarmoqlarini yangilash va mavjud muammolarni bartaraf etish ko’zda tutilgan.
Xususan, tumanning “Foziltepa” mahallasida joylashgan 23 ta ko’p qavatli uyda ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan bo’lib, mazkur uylarga “Barkamol avlod” BSK xizmat ko’rsatib keladi.
🟪Vazir o’rinbosari boshqaruv kompaniyasi rahbari hamda ta’mirlash ishlariga mas’ul pudratchi tashkilot vakillari bilan ta’mirlash jarayonlarini o’rganib, amalga oshirilishi lozim bo’lgan zarur vazifalarni muhokama qildilar.
– Aholimizga qulay sharoitlarda yashashini ta’minlash uchun davlatimiz tomonidan juda katta e’tibor qaratilmoqda. Shu bois bor kuch-g’ayratimizni mazkur ishlarning sifatli olib borilishini ta’minlash va nazoratga olishga qaratishimiz lozim,- dedi Ozoda Jo’rayeva.
Shuningdek, ko’p qavatli uylarda energosamaradorlikni oshirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.